O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston chigirtkalarga qarshi kurashda birlashadi

Jamiyat

image

Yevropa va O‘rta yer dengizi o‘simliklarni himoya qilish tashkiloti (EPPO) ishchi guruhining 55-yig‘ilishi doirasida Qozog‘iston Davlat nazorat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Saken Qanibekov hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston fitosanitariya xizmatlari rahbarlari uchrashuv o‘tkazib, chigirtkalarga qarshi himoya choralarini muhokama qildi. Bu haqda Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida ishtirokchilar mamlakatlarda mavsumiy hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud amaliyot bilan tanishtirilgan. Xususan, “Locust.uz” tizimi namoyish etilgan. Bu chigirtka tuxum qo‘ygan hududlar, kimyoviy tozalash ishlari olib borilgan hududlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd etuvchi elektron platforma bo‘lib, vaziyatni to‘g‘ri baholash imkonini beradi. Tizim, shuningdek, transport vositalariga o‘rnatilgan GPS qurilmalari yordamida maxsus jihozlar harakatini kuzatib boradi. Bu vaziyatni o‘z vaqtida baholash va katta maydonlarda chigirtka tarqalishining oldini olish imkonini beradi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro fitosanitariya standartlarini joriy etish va axborot almashinuvini rivojlantirishga kelishib olgan. 

“Tomonlar chegara hududlarida chigirtkalarga qarshi kurashish, fitosanitariya holati, o‘rganish natijalari, zararli organizmlarning tarqalishi va ko‘rilgan choralar to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, fitosanitariya sertifikatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni samarali va muntazam almashish uchun axborot tizimlarini birlashtirish ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

chigirtkalar Evropa va O'rtaer dengizi o'simliklarni himoya qilish tashkiloti EPPO fitosanitariya xizmati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing