O‘zbekistondan 12 mlrd so‘mlik oltinni qopda olib chiqayotgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
16:31 4938 2 daqiqa
Andijon viloyatida umumiy qiymati 12 mlrd 465 mln 795 ming so‘mlik qariyb 8 kg oltinni O‘zbekistondan olib chiqishgan uringan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXX hamda Bojxona qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari hamkorligida Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Do‘stlik” chegara bojxona posti yaqinida Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan T.T. to‘xtatilib, unga tegishli xo‘jalik qopi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Natijada qop ichidagi 3 dona temir qoplamali avtomobil ehtiyot qismlari maxsus vositalar yordamida bo‘laklarga ajratilganda, ularning ichiga jami 7 kg 784 gr oltin bo‘laklari yashirilgani ma’lum bo‘lgan. Baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu oltin quymalarning umumiy qiymati 12 mlrd 465 mln 795 ming so‘mni tashkil etgan.
Aniqlanishicha, mazkur fuqaro Toshkent shahridan yuborilgan oltinlarni Qirg‘iz Respublikasida qabul qilib oladigan shaxsga yuk avtotransport vositalari haydovchilari orqali bojxona nazoratidan yashirgan holda yetkazishi kerak bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari doirasida ushbu qimmatbaho metallning haqiqiy egalari shaxsini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Andijonda bojxonachilar 2 milliard so‘mlik zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ygandi.
Live
Barchasi