O‘zbekistonda yilda bir kun avtomobilda harakatlanish taqiqlanishi kutilmoqda
Jamiyat
−
23 Sentabr 2020
12596O‘zbekistonda har yili sentyabr oyining uchinchi yakshanba kuni “Avtomobilsiz kun” deb e’lon qilinadi va avtomobilda harakatlanish taqiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida aytilgan. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Qaror qabul qilingudek bo‘lsa, 2021 yildan boshlab sentyabr oyining uchinchi yakshanba kuni respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” deb e’lon qilinadi hamda shu kuni avtomobilda harakatlanish taqiqlanadi. Maxsus texnikalar, taksi va yetkazib berish hamda tibbiy tez yordam uchun xizmat ko‘rsatadigan texnikalar, jamoat transportlari, zarur hollarda foydalaniladigan shaxsiy avtomobillar bundan mustasno.
Xalq deputatlari mahalliy kengashlari qarorlari asosida tumanlar va shaharlarda “Avtomobilsiz kun” tadbirlarini o‘tkazish belgilanishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar “Avtomobilsiz kun” tadbirlarini o‘tkazilishini ta’minlashi lozim.
Bunda Ichki ishlar vazirligi Milliy gvardiya bilan hamkorlikda hududlarda “Avtomobilsiz kun” tadbirlari davomida jamoat tartibi saqlanishi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, har yili 22 sentyabr kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida "Butunjahon avtomobilsiz harakatlanish kuni" aksiyasi o‘tkaziladi. Bu xalqaro darajadagi ramziy aksiya bo‘lib, uning maqsadi avtomobildan chiqadigan gazning tabiat va odamlar uchun xavfini eslatib qo‘yishdir.
Birinchi avtoulovsiz kun 1973 yilda Shveysariyada o‘tkazilgan, o‘shanda mamlakat rasmiylari yoqilg‘i inqirozi sababli, fuqarolarni mashinalardan to‘rt kunlik voz kechishga chaqirgan.
Birinchi umummilliy aksiya esa, 1997 yilda Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan. 1998 yilda Fransiya unga qo‘shilgan.
2000 yilda Butunjahon avtomobilsiz harakatlanish tarmog‘i birinchi "Xalqaro avtoulovsiz harakatlanish kuni"ni o‘tkazgan.
Hozirda dunyoning bir qator shaharlarida qulay jamoat transportlari, piyodalar yo‘laklari, velosiped infratuzilmasini rivojlantirishga e’tibor qaratilyapti. Avtoulovlardan kundalik foydalanishni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, dunyoning ko‘plab megapolislari velosiped namoyishlarini o‘tkazmoqdalar. Birinchi bunday tadbir 1992 yilda San-Fransisko (AQSH) velosipedchilari tomonidan tashkil etilgan. Unda atigi 48 kishi qatnashgandi. Lekin, bunday tadbirlar o‘tkaziladigan joylar va unda qatnashadiganlar soni tezlik bilan o‘sib bordi. Hozir eng ko‘p ishtirokchilar London, Sidney, Melburn, San-Fransisko va Budapesht shaharlaridan qatnashadilar.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili dunyoning 1500 ta shaharidan 100 milliondan ortiq odam "Butunjahon avtomobilsiz harakatlanish kuni" aksiyasida ishtirok etadi.
Qaror muhokamasi joriy yilning 8 oktyabriga qadar davom etadi.