O‘zbekistonda yoshga doir pensiya avtomatik tayinlanishi mumkin
Jamiyat
−
13 fevral
9031Bugun, 13 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga pensiyalar avtomatik tarzda tayinlanishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi va birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar – 60 yosh, ayollar – 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani belgilashda ularning alohida murojaati talab etilmaydi.
“Fuqaroning ish staji, ish haqi va boshqa ma’lumotlari vazirlik hamda idoralarning axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida bir kun muddatda proaktiv shaklda tayinlash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, qonun loyihasida fuqaroda pensiya yoshiga yetganiga qaramay mehnat faoliyatini davom ettirish istagi bo‘lsa, proaktiv shaklda tayinlanadigan yoshga doir pensiyani rad etish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatining sifatini oshirishga, ortiqcha byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 25 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilingandi. Qarorda amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash uchun mas’ul ishchi guruh tashkil etilishi belgilangan. Ishchi guruh 2025 yil 1 martga qadar davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishi va kiritishi zarur.
LiveBarchasi
Trenddagilar


