O‘zbekistonda “yashil” vodorod korxonalari ishga tushiriladi
Jamiyat
−
22 aprel 4024 2 daqiqa
Joriy yilning ikkinchi choragida 170 million dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hisobidan “yashil” vodorod va sian tuzlari korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 22 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan kimyo sanoatidagi loyihalar ijrosi va tarmoqni diversifikatsiya qilish bo‘yicha rejalar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, yil davomida raqamlashtirish jarayoni davom ettirilib, tarmoqning hamkor sohalar bilan integratsiyasi kengaytiriladi. Kimyo zavodlarining yagona g‘aznachilik tizimida qo‘shimcha modullar ochiladi. “Yagona raqamli platforma” yakuniga yetkazilib, korxonalarning 15 ta iqtisodiy ko‘rsatkichlari aks ettiriladi.
“Yana bir muhim vazifa – energiya samaradorlik. Energiyani tejash hamda ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish orqali tannarxni kamaytirish zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, uchrashuv davomida sohada hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tilgan. Jadal rivojlanayotgan ichki bozorda mahsulotlarga talab ortayotgani va Jahon bozoridagi nobarqaror sharoit ham yangi vazifalar qo‘yayotgani inobatga olinib, tarmoqni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, mahalliylashtirish va qo‘shilgan qiymatni oshirish chora-tadbirlari muhokama qilingan.
Mutasaddilarga hozirgi zamon talablari va kelgusi iqtisodiy prognozlar asosida kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bunda yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish orqali tarmoqni diversifikatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Live
Barchasi