O‘zbekistonda biznes uchun yagona QR-kod ishga tushadi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda naqdsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish hamda yagona milliy to‘lov infratuzilmasini shakllantirish maqsadida Yagona milliy QR-kod tizimi ishga tushirilmoqda. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Regulyatorning e’lon qilgan ma’lumotnomasida UzQR tizimining bosh xususiyati tushuntirilgan. Unga ko‘ra, iste’molchi istalgan bank ilovasi yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasi orqali bitta QR-kodni skaner qilgan holda to‘lovni amalga oshirishi yagona tizimning asosiy funksiyasi hisoblanadi. Bunda savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlari bir necha xil QR-kod va to‘lov yechimlarini saqlab turishga zarurat qolmaydi.

Markaziy bank tomonidan tizim orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar bo‘yicha umumiy komissiya ulushi 0,65 foiz etib belgilangan. Ta’kidlanishicha, komissiya to‘lov zanjirida ishtirok etuvchi barcha tomonlar o‘rtasida shaffof va har birining real roli hamda xarajatlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Komissiya quyidagicha taqsimlanadi:

  • 0,10 foiz – ekvayer bank, ya’ni QR-kodni merchantga o‘rnatib bergan bank;
  • 0,15 foiz – to‘lov Uzcard yoki Humo milliy kartalari orqali amalga oshirilganda tegishli ulush, shundan Uzcard 0,075 foiz va Humo 0,05 foiz bank kartasi emitentiga (moliyaviy vositani muomalaga chiqargan tomon) qaytaradi;
  • 0,20 foiz – QR-kod operatori: tizimni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash, yagona koll-markaz faoliyati, mijozlar uchun shaxsiy kabinetlar hamda onlayn-KKM bilan integratsiya xarajatlarini qoplash uchun;
  • 0,15 foiz – to‘lov tashabbuskori, ya’ni QR-kodni o‘quvchi mobil ilova;
  • 0,05 foiz – to‘lovchi bank, ya’ni tizimda to‘lovni amalga oshiruvchi bank.

Bunda agar to‘lov bankning o‘z ilovasida amalga oshirilsa va karta ham o‘sha bankniki bo‘lsa, bank jami 0,20 foiz olishi mumkin. Agar merchant ham o‘sha bank mijozi bo‘lsa, ulush 0,30 foizga yetishi mumkin. Shuningdek, to‘lov bank kartasi orqali emas, balki bank hisobvarag‘i yoki elektron hamyon orqali amalga oshirilganda, elektron to‘lov vositasi egasi jami 0,15 foiz ulushni oladi.

Manbaning qayd etishicha, Uzcard va Humo tizimi orqali boshqa (milliy bo‘lmagan) QR-kodlar uchun to‘lov amalga oshirilsa, belgilagan tarif 0,3–0,37 foizga yetadi. Yagona QR-kod tizimi umummilliy ahamiyatga ega ekanini inobatga olib, ushbu ulushni 0,10 foizgacha pasaytirgan.

Markaziy bankka ko‘ra, bugungi kunda to‘lov xizmatlari bozorida savdo va xizmat ko‘rsatish subektlari uchun QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilish 1-3 foizni tashkil qilmoqda. Shu sabab, UzQR’ning 0,65 foizlik umumiy tarifini xolisona baholash uchun uni hozirgi to‘lov xizmatlari bozoridagi mavjud tariflar bilan taqqoslash kerak.

Qayd etilishicha, tizimning rasmiy tarif tuzilmasida to‘lovchidan (iste’molchidan) hech qanday komissiya undirish ko‘zda tutilmagan. Barcha tariflar faqat merchant tomonidan to‘lanadigan 0,65 foizdan iborat bo‘lib, ular yuqorida ko‘rsatilgandek zanjir ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi.

Markaziy bankning bildirishicha, umumiy 0,65 foizlik komissiyasida har bir ishtirokchining ulushi uning tizimdagi real roliga va xarajatlariga mutanosib belgilangan bo‘lib, tizim to‘liq shaffoflik asosida ishlaydi hamda merchantlar va iste’molchilar manfaatlarini birdek himoya qilishga yo‘naltirilgan.

O‘z navbatida iqtisodchi Otabek Bakirov Markaziy bankning bu tushuntirishiga o‘z fikrini bildirib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bankning UzQR bo‘yicha rasmiy munosabat bildirganini ijobiy natija. Biroq u tizim orqali to‘lovlarning haqiqiy tannarxi qanchaligi va nega tariflar ancha past, masalan 0,25 foiz darajasida belgilanmagani haqida savol qo‘ygan.

Iqtisodchiga ko‘ra, UzQR uchun belgilangan 0,65 foizlik tarif va iste’molchilardan olinadigan qo‘shimcha komissiya naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirishga yetarli turtki bermaydi.

“0,65% +1% komissiya bilan UzQR naqd pul orqali savdoni o‘ldira olmaydi (o‘zi maqsad shu emasmidi), sotuvchi ham, iste’molchi ham baribir naqdlikni yoki arzonroq bo‘lgan terminal (0,20%) orqali hisob kitobni tanlaydi”, deydi Bakirov.

Shuningdek, iqtisodchi to‘lov bozorida raqobatning kamayishi xavfidan ham xavotir bildirgan. Uning ta’kidlashicha, bu holat kelajakda yirik to‘lov tizimlariga ekvayring (komissiya) tariflarini oshirish imkoniyatini berishi va bu biznes hamda iste’molchilar uchun qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi barcha korxonalar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilishda yagona QR-kod joriy etilishi haqida Prezidentning 2025 yil 10 dekabrda “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.

Xujjatda 2026 yil 1 yanvardan boshlab barcha kompaniyalar banklarda generatsiya qilingan yagona QR-kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilishi belgilangandi. 2026 yilning 1 iyulidan boshlab esa, ushbu talab majburiy bo‘lib, QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanishi qayd etilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing