O‘zbekistonda turizm qo‘mitasi qayta tashkil etildi
Jamiyat
−
20 noyabr 2025 3004 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bugun, 20 noyabr kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Turizm qo‘mitasi sobiq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi negizida Turizm qo‘mitasi tashkil etildi. U huquq va majburiyatlari bo‘yicha avvalgi Qo‘mitaning vorisi hisoblanadi.
Prezident qarori bilan quyidagilar 2030 yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
• Turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;
• chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlar oqimini ko‘paytirish;
• turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd AQSH dollaridan oshirish;
• O‘zbekistonning turistik shaharlari o‘rtasidagi transport bog‘lanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish hamda yo‘lga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;
• 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;
• turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish;
• jahonda keng taniladigan O‘zbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi turizm sohasini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli.
Qo‘mita raisi:
• Belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
• Qo‘mita va uning tizimidagi tashkilotlar ishini to‘g‘ri va samarali tashkil etish, bu orqali ularning faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga so‘zsiz va to‘laqonli erishishni ta’minlash uchun mas’ul hamda shaxsan javobgar hisoblanadi;
• Qo‘mita Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha vorisi hisoblanadi.
Milliy turistik mahsulotlarni jahonda ommalashtirish maqsadida:
• Qo‘mita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritiladi;
• Qo‘mitaning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari tashkil etiladi;
• vakolatxonalar o‘zi faoliyat yuritadigan davlatlarda vazifalarni bajarishi belgilanadi;
• Qo‘mita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari “Milliy PR-markazi” davlat muassasasi va vakolatxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda milliy turistik mahsulotlarning samarali marketingi uchun shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 19 noyabr kuni imzolagan “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Live
Barchasi