O‘zbekistonda strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO'ga olib chiqiladi
Jamiyat
−
27 aprel 2023
4152O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha “1 ming + 1 ming + 40” dasturi qabul qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatdagi iqtisodiy jihatdan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 40 ta korxona IPO'ga olib chiqiladi, ya’ni ularning aksiyalari fond birjasida sotish uchun ilk marta chiqariladi. Bu haqda bugun, 27 aprel kuni Xalqaro kongress markazida o‘tkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Forumda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda “1 ming + 1 ming + 40” dasturi bo‘yicha mingta korxonadagi davlat ulushlari, mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk ob’ekti ochiq auksionga qo‘yiladi. Bundan tashqari, davlat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 40 ta korxona IPO'ga olib chiqiladi.
“Biz industrial rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishga ustuvor ahamiyat beramiz”, deydi davlat rahbari forumdagi chiqishida.
O‘zbekistonda to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlari yetarli xomashyo bazasi va malakali kadrlarga ega ekanini hisobga olib, shu sohalarda “katta sakrash”ni amalga oshirish va eksport hajmini 2 baravarga ko‘paytirish uchun yetarli imkoniyatlar borligi e’tirof etilgan.
O‘zbekiston bularni olib keladigan investorlarga barcha sharoitlarni yaratish, alohida texnopark hamda sanoat zonalari tashkil qilish va boshqa qo‘shimcha imtiyozlarni yaratib berishga tayyorligi ma’lum qilingan.
LiveBarchasi