O‘zbekistonda SMS orqali ruxsatsiz reklama yuborish taqiqlandi
Jamiyat
−
15 iyul 2555 2 daqiqa
O‘zbekistonda mobil reklama, spam-qo‘ng‘iroqlar va SMS-xabarlar borasida fuqarolar huquqlarini himoya qilish sezilarli darajada kuchaytirilmoqda, shuningdek, voyaga yetmaganlarning huquqlari kengaytirilmoqda. Bu haqda Prezidentning bugun, 15 iyul kuni qabul qilingan “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, voyaga yetmagan fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudlarga mustaqil ravishda murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan to‘liq ozod etiladi. Bundan tashqari, 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab mamlakatda shaxsiy ma’lumotlarni avtomatik ravishda yangilash tizimi joriy etiladi. Fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan sanasi o‘zgarganda, yangi ma’lumotlar idoralararo elektron hamkorlik kanallari orqali davlat organlarining barcha tegishli axborot tizimlarida avtomatik tarzda yangilanadi.
Eng katta o‘zgarishlar 2026 yil 1 noyabrdan boshlab mobil aloqa sohasini kutmoqda. Shu sanadan boshlab SMS-xabarlar orqali tovar va xizmatlarni taklif qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar qabul qiluvchining oldindan yozma yoki elektron roziligini olishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, mobil reklama tarqatish va reklama qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar faqat o‘z axborot tizimlarini Shaxsiy ma’lumotlar bazalari davlat reyestridan ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyingina ishlash huquqiga ega bo‘ladi.
Yangi qoidalar bilan qat’iy vaqt cheklovlari ham joriy etilmoqda: telekommunikatsiya tarmoqlari orqali reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarini tarqatish kechki va tungi vaqtda – soat 18:00 dan 09:00 gacha to‘liq taqiqlanadi.
Shu bilan birga, mobil aloqa operatorlari abonentning birinchi so‘roviga ko‘ra kelayotgan reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini to‘liq yoki qisman bloklashga majbur bo‘ladi. Ushbu talablarga rioya qilmaslik reklama va shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish deb tasniflanadi va bu qonuniy ta’sir choralari qo‘llanilishiga olib keladi.
Live
Barchasi