O‘zbekistonda shifokorlar aholini ko‘chaga chiqmaslikka chaqiryapti
Jamiyat
−
19 mart 2020
27342Ma’lumki, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgan edi. Ayni vaqtda bemorlar 23 nafarga yetdi. Mamlakatda aholining salomatligini saqlash, koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida qator choralar ko‘rilmoqda.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda aholiga oilasi va farzandlari davrasida vaqt o‘tkazish, zarurat bo‘lmaganda, ko‘chaga chiqmaslik, jamoat joylariga bormaslik tavsiya qilinmoqda.
Bugun, 19 mart kuni o‘zbekistonlik shifokorlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga xos chelenj boshladi. Unda shifokorlar aholiga “Biz siz uchun ishda qoldik, siz biz uchun uyda qoling”, deya murojaat qilmoqda.
Butun dunyoda keng tarqalgan koronavirus har bir mamlakatda aholining bunday ofatlarga qanchalik tayyor ekani, qanchalik millat, xalq o‘laroq jipslashganini yuzaga chiqardi. Qolaversa, ko‘plab mamlakatlarda shifokorlarning qay darajada fidoiyligi, aholi salomatligi uchun qanchalik mas’uliyatni bo‘yniga olishi, o‘z hayotini qanchalik xavfga qo‘yishini ko‘rsatdi. Ko‘plab mamlakatlarda, xususan Yevropada shifokorlar ish tashladi. Aholi salomatligini saqlashdan o‘z jonini asrashni ma’qul ko‘rdi. O‘zbekistonlik shifokorlar esa bemorlar yotgan hududda oilasi, bola-chaqasi, yaqinlaridan ayri yashamoqda. Ular bilan bir havodan nafas olmoqda, hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Ba’zan shifokorlarning sharafli kasbi, shaxsiga nisbatan turli gap-so‘zlar qulog‘ingizga chalinadi. Shifokorlarga nisbatan tazyiqlar, haqorat, qo‘l ko‘tarishlarga ham guvoh bo‘ldik. Eng og‘ir kunlarda esa ular ishda, xalq salomatligi yo‘lida xizmat qilib, shirin jonini garovga qo‘ymoqda. Yana ular boshqalarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi choralarni ko‘rish joriy yilning yanvar oyidanoq boshlangan edi. Mamlakatda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Ushbu komissiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raislik qilmoqda.
Mamlakatda yetarli darajada choralar ko‘rilib, ular kun sayin kuchaytirilmoqda. Bog‘cha, maktab, kollej va texnikum, oliy ta’lim muassasalari, masjidlar karantin uchun yopildi. Mamlakatga kirish va chiqish butkul taqiqlandi. Bugundan e’tiboran massaj salonlari, diskoteka, diskobarlar, bolalar o‘yingohlari faoliyati to‘xtatiladi.
Davlat choralarni kuchaytirgani bilan ko‘p narsa odamlarning o‘ziga bog‘liq. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ayni vaziyatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan tavsiyalar va ko‘rsatmalarga amal qilish maqsadga muvofiq.
LiveBarchasi