Bosh prokuratura tomonidan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasi ishga tushirildi

Jamiyat

image

2030 yilgacha O‘zbekistonda rasmiy band aholi sonini 14 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqda bugun, 26 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sohada prokuror nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda bu borada tizimli ishlar amalga oshirilgan, xususan, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus va hududiy komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, soliq va bojxona organlarida xavf tahlili hamda segmentlash tizimlari joriy etilib, qonunchilikdagi yashirin aylanmalarga yo‘l ochayotgan bir qator “tuynuk”lar yopilgan, qonunga itoatkor tadbirkorlarni rag‘batlantirish choralari esa kuchaytirilgan.

Amalga oshirilgan choralar natijasida so‘nggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35 foizdan 23 foizgacha kamaygan, byudjetga qo‘shimcha 38 trillion so‘m undirilgan, rasmiy band aholi soni 8,5 million nafardan oshgan, rasmiy o‘rtacha ish haqi esa 6,5 million so‘mga yaqinlashgan.

Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyot ulushi hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Statistik baholashlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qishloq xo‘jaligida 81,1 trillion so‘mni, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 24,5 trillion so‘mni, qurilishda 23,9 trillion so‘mni, sanoatda esa 6,7 trillion so‘mni tashkil qilmoqda.

Yashirin iqtisodiyot byudjet daromadlarini kamaytirish bilan bir qatorda mamlakatdagi sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatish, norasmiy bandlik tufayli fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganlik darajasini pasaytirish, aholi (iste’molchilar) hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qonun bilan belgilangan kafolat va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan to‘liq foydalana olmaslik kabi oqibatlarga olib keladi.

Mamlakatda 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobar qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 million nafarga, naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Davlat rahbari tomonidan sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda sohalar va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi, ehtimoliy byudjet yo‘qotishlari va qo‘shimcha daromad manbalarini aks ettiradigan yagona raqamli platformani yaratish, ushbu platforma yordamida xufiyona aylanmalarni keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlash hamda bartaraf etish zarurligi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Taqdimotda aynan shu maqsadda Bosh prokuratura tomonidan yaratilgan va sinov tariqasida ishga tushirilgan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasining imkoniyatlari haqida axborot berilgan.

Platforma iqtisodiyotning 22 ta asosiy tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta ma’muriy hudud va 208 ta tuman-shahar kesimida yashirin aylanmalar xavfini aniqlash va mas’ullar tomonidan ularning bartaraf etilishini nazorat qilish orqali byudjet daromadlarini oshirish hamda sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Platformani ishlab chiqishda soliq, bojxona, moliya, iqtisodiyot, statistika, ekonometrika va ehtimollar nazariyasi yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator malakali mutaxassislar jalb qilinib, yuzdan ortiq xavf mezonlari ishlab chiqilgan hamda ularga hudud va tarmoqlarning o‘ziga xos xususiyatlari, soliq rejimi, tovar aylanmasi, byudjet uchun ahamiyati va boshqa omillarni inobatga olgan holda individual koeffitsiyentlar belgilangan.

Soha va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy byudjet yo‘qotishlarini aniqlash maqsadida platformaga 16 ta mas’ul vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilingan va barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida qayta ishlash imkoniyati yaratilgan.

Platforma tahlillari asosida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy byudjet yo‘qotishi miqdoridan kelib chiqib, soha va hududlar avtomatik tarzda “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratiladi.

Mazkur platforma orqali litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanma, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini yashirish, rentabellik va foydani kamaytirish kabi xavflar avtomatik aniqlanadi.

Taqdimotda platformaning imkoniyatlaridan foydalangan holda sohada prokuror nazoratini raqamlashtirish orqali uni yangi bosqichga olib chiqish taklif etilgan.

Mazkur jarayonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga mas’ul vazirlik va idoralarning kuch va vositalari platforma tahlillari asosida manzilli yo‘naltiriladi, ularni nazorat qilishda esa inson omili yanada kamaytiriladi. Yashirin iqtisodiyot xavfi yuqori bo‘lgan soha va hududlar avtomatik tarzda aniqlanadi, sabablar tahlil qilinadi, mas’ul idoralarga manzilli topshiriqlar beriladi, ijro nazorat qilinadi va natijalar baholab boriladi.

Agar tuman yoki shahar darajasida muammo hal etilmasa, masala viloyat bosqichiga, zarur hollarda respublika darajasiga olib chiqiladi. Tizim orqali muammoning ildiz sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish, qonunchilikni takomillashtirish va byudjet daromadlarini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda asosiy e’tibor raqamlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va nazoratni manzilli tashkil etishga qaratilishi zarurligini yana bir bor ta’kidlagan.

Mas’ullarga 1 oktyabrga qadar 70 dan ortiq axborot tizimini platformaga integratsiya qilish, 1 yanvarga qadar barcha hududlar va sohalarni ushbu platforma bilan qamrab olib, to‘liq ishga tushirish topshirilgan.

Shuningdek, barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda mutasaddilarning mas’uliyatini oshirishda prokuror nazoratini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing