O‘zbekistonda mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgan sport turlari e’lon qilindi
Sport
−
13 fevral 3874 2 daqiqa
O‘zbekistonda mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgan sport turlari ma’lum qilindi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi.
Prezidentga ko‘ra, badmintonda birorta litsenziya qo‘lga kiritilmagan. Kamondan otish sport turi bo‘yicha bor-yo‘g‘i 3 ta litsenziya olingan.
Olimpiya o‘yinlarida yengil atletika turlari bo‘yicha 48 ta dastur bor. Lekin yengil atletika federatsiyasi so‘nggi olimpiadada 5 ta litsenziya qo‘lga kiritgan, xolos.
Yadro, disk, nayza uloqtirish, sakrash sport turlarida birorta litsenziya olinmadi. Yoki 49 ta suv sporti dasturidan bor-yo‘g‘i 4 tasi bo‘yicha litsenziya qo‘lga kiritilgan.
O‘q otish sportini rivojlantirish uchun mudofaa tizimi va “Vatanparvar” tashkilotida barcha sharoit yaratilgan. Lekin birorta sportchi Olimpiadaga bormagan.
O‘zbekistonda yakkakurash sport turlari, milliy kurash rivojlangan bo‘lsa-da, yunon-rum kurashi bo‘yicha atigi 3 ta litsenziya olingan.
O‘tgan yili baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazildi. Lekin unda mezbonlar birorta ham medal qo‘lga kiritmadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Parijdagi natijalar bilan xotirjamlikka berilmaslik kerakligi, Los-Anjeles-2028 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston kuchli o‘ntalikka kirishi maqsad qilingani va buning uchun mutasaddi rahbarlardan tortib, tuman hokimlarigacha barcha qattiq ishlashi lozimligini aytgandi.