O‘zbekistonda qurilish materiallarining 98 foizi mahalliy ishlab chiqarilmoqda

Jamiyat

image

So‘nggi o‘n yilda qurilish materiallari sanoatiga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 4 mingdan ortiq yangi korxona ishga tushirildi. Natijada mamlakatda uy-joy va sanoat ob’ektlari qurilishi uchun zarur materiallarning 98 foizini mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari sanoatini quruvchilarning ishonchini qozongan, sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechim taklif qiladigan tarmoqqa aylantirish zarurligini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, bundan 10 yil avval mahalliy qurilish materiallari asosan qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shiferdan iborat bo‘lib, ular qurilishda foydalaniladigan materiallarning atigi 35–40 foizini qamrab olgan.

So‘nggi o‘n yilda esa sohaga 12 milliard dollar investitsiya yo‘naltirilib, 4 mingdan ortiq zamonaviy korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada sement, oyna, bazalt, keramika mahsulotlari, gazoblok va quruq qurilish qorishmalari kabi 20 dan ortiq asosiy turdagi mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

Shuningdek, issiqlikni saqlovchi materiallar, kompozit mahsulotlar, ekologik pardozlash materiallari va zamonaviy pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yo‘nalishlar ham jadal rivojlanmoqda.

Prezident ta’kidlashicha, bugungi kunda yangi uy-joylar va sanoat binolari qurilishi uchun zarur bo‘lgan materiallarning 98 foizi mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Buning natijasida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 7 trillion so‘mdan 53 trillion so‘mga yetgan.

Shuningdek, o‘tgan yili qurilish materiallari eksporti 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Qayd etilishicha, tarmoq so‘nggi yillarda import o‘rnini bosish bo‘yicha muhim bosqichni muvaffaqiyatli ortda qoldirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev hokimlar qaysi hududda qaysi tarmoqni rivojlantirish va qaysi loyihaga investitsiya jalb etish eng yuqori samara berishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing