O‘zbekistonda qancha odam koronavirusga qarshi emlangani aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda hozirgacha 400 dan ortiq fuqaro koronavirusga qarshi vaksina bilan emlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov SSV Matbuot xizmati savollariga javob berib aytib o‘tgan.

“Ma’lumki, respublikamiz koronavirusga qarshi ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan vaksinaning samaradorligini sinovdan o‘tkazish 3-klinik fazasida ishtirok etmoqda. Shu bois ham ushbu tadbirga  18 va undan yuqori yoshdagi ko‘ngillilar jalb qilinadi. Dastlab, ko‘ngillilarning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, olingan qon namunalari  koronavirus kasalligigi bor yoki yo‘qligiga laboratoriya usulida tekshiriladi, kasalligi borlar va kasallikni o‘zida o‘tkazib, unga qarshi antitanachalari mavjud bo‘lgan shaxslar sinov jarayonidan chiqarib yuboriladi va bu tadbirga jalb qilingan har bir shaxsning salomatligi butun sinov mobaynida kuzatuv ostiga olinadi”, deydi Otabekov.

Ta’kidlanishicha, surunkali kasalligi bor va isitmalayotgan, qon bosimi me’yoridan yuqori, qon kasalliklari mavjud, immun tanqisligi bilan kasallangan, saratonga chalingan bemorlar hamda homilador va farzand ko‘rish istagidagi ayollar ham bu jarayonda qatnashishi mumkin emas.

“Ayni paytdagi klinik sinovlarda 400 nafardan oshiq ko‘ngillilar mazkur vaksina bilan emlandi. Kimdir ko‘ngilli sifatida sinov jarayonida qatnashish istagida bo‘lsa, tez orada Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etiladigan maxsus saytga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. 

Hozir ko‘ngillilar orasida sinab ko‘rilayotgan koronavirusga qarshi emlash tadbirlari Xitoyning “Rekombinat” vaksinasi bilan amalga oshirilmoqda, ushbu vaksinaning birinchi va ikkinchi klinik-sinovlari Xitoyda amalga oshirilgan bo‘lib, o‘ta muvaffaqiyatli o‘tdi, deb baholangan”, deya ma’lum qilgan Nurmat Otabekov.

Uning qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati klinik sinovning 3-bosqichi amalga oshirilishini doimiy nazorat ostiga olgan. Tizimda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha emlangan ko‘ngillilar orasida emlashdan keyingi reaksiyalar va salbiy asoratlar kuzatilmadi hamda har bir emlangan shaxs ustidan tibbiy nazorat o‘rnatilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

77

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing