O‘zbekistonda islomiy banklar tashkil etilishi mumkin
Jamiyat
−
18 Sentabr 7058 2 daqiqa
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyiha 16 sentyabr kungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqildi.
Majlisda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev mamlakatda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya joriy etilishini bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan moliya operatsiyalari ham aniq belgilab berilmoqda. Unga ko‘ra, mustaqil ravishda islomiy bank ochish yoki mavjud bank tarkibida islomiy xizmatlar ko‘rsatiladigan bo‘lim tashkil etish imkoni yaratiladi.
Mazkur tashabbus orqali aholi va biznes sub’ektlariga shariat talablariga mos moliyaviy xizmatlar taklif etilishi, banklar o‘rtasida raqobat oshishi va yangi investorlarni jalb qilish kutilmoqda.
Ushbu loyiha bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda yana 8 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Jumladan, qonunchilikka “islomiy bank”, “moliya operatsiyalari”, “islomiy moliya standartlari” va “investitsiyaviy depozit” kabi tushunchalarni kiritish ko‘zda tutilmoqda.
“Bu aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga islomiy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi islomiy banklar, islomiy darchalar va islomiy mikromoliyaviy tashkilotlarni tashkil etish imkonini beradi. Natijada muqobil moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi, shuningdek, biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalari joriy etiladi”, degan Turdaliyev.
Qayd etish joiz, 2022 yilda o‘ndan ortiq banklarda islom darchalarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlar boshlangani xabar qilingandi.
O‘zbekistonda islom moliyasining keng ko‘lamda joriy etilishi 5 mlrd dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga va mamlakatdagi raqobat muhitiga ancha ijobiy ta’sir qilishi mumkinligini davlat rahbari ham aytib o‘tgandi.
2024 yilda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani, loyiha yil oxirigacha parlamentga kiritilishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi