O‘zbekistonda islomiy banklar to‘g‘risida qonun qabul qilinmoqda

Jamiyat

image
Markaziy Osiyodagi islom banklarining rivojlanishida asosiy muammolar qanday? north_east

Markaziy Osiyodagi islom banklarining rivojlanishida asosiy muammolar qanday?

Joriy yil 11 noyabr kuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va Senatga yuborildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish hamda yangi turdagi bank xizmatlarini joriy qilish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan islomiy bank va moliya operatsiyalariga oid huquqiy normalar loyihada aks ettirilganligi ma’qullandi. Loyihada islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani olish bo‘yicha talablar aniq belgilanayotgani, islomiy moliya operatsiyalariga oid tushunchalar ochib berilayotgani hamda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga islomiy moliya standartlari asosida mijozlarni moliyalashtirish uchun savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni olishga ruxsat berilishi nazarda tutilgani deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, deputatlar qonun loyihasi bilan islomiy moliya operatsiyalariga soliq solish bo‘yicha tegishli tartibning joriy qilinayotgani moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘lamining oshishiga katta turtki berishini ta’kidladi.

Qayd etish joiz, 2022 yilda o‘ndan ortiq banklarda islom darchalarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlar boshlangani xabar qilingandi. O‘zbekistonda islom moliyasining keng ko‘lamda joriy etilishi 5 mlrd dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga va mamlakatdagi raqobat muhitiga ancha ijobiy ta’sir qilishi mumkinligini davlat rahbari ham aytib o‘tgandi.

2024 yilda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev islom moliyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani, loyiha yil oxirigacha parlamentga kiritilishini ma’lum qilgandi. Ushbu loyiha joriy yil 16 sentyabr kungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqildi. Majlisda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev mamlakatda islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun alohida litsenziya joriy etilishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston islomiy bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing