O‘zbekistonda elektr generatsiyasi quvvati 46,1 gigavattga yetkaziladi
Jamiyat
−
19:34 313 3 daqiqa
O‘zbekistonda 2030 yilga borib yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda bugun, 22 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga oid taqdimotda so‘z boradi.
Rejaga ko‘ra, 2030 yilga borib, mamlakatdagi generatsiya quvvatlari 46,1 gigavattga yetkazilib, yiliga qariyb 129 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. 2035 yilda esa quvvatlarni 57,2 gigavattga, yillik generatsiyani 154,7 milliard kilovatt-soatga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda elektr energiyasi iste’molining turli o‘sish ssenariylari ham ko‘rib chiqilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, iste’mol mo‘’tadil o‘sganda 2030 yilgacha generatsiya va talab o‘rtasida yetarli muvozanat saqlanadi. Biroq iqtisodiyot, sanoat, elektr transport va raqamli infratuzilma tez sur’atlarda rivojlangan taqdirda qo‘shimcha generatsiya quvvatlariga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Davlat rahbari energetika sohasidagi rejalar iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda shakllantirilishi, tizimda doimo yetarli zaxira quvvati bo‘lishi shartligini ta’kidlagan.
Shundan kelib chiqib, qo‘shimcha shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish, amalga oshirilayotgan quyosh va shamol energetikasi loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.
Ayni paytda iqtisodiy samaradorligi past, moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan yoki uzoq vaqtdan buyon kechikayotgan ayrim loyihalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etilgan. Yangi quvvatlarni tanlashda faqat ularning hajmi emas, balki elektr energiyasi tannarxi, tarmoqqa ulanish imkoniyati, energiya saqlash tizimlari bilan uyg‘unligi va umumiy energobalansga ta’siri asosiy mezon bo‘lishi belgilangan.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borgan sari energiya saqlash tizimlarining ahamiyati ham oshmoqda.
Bunday tizimlar kunduzi quyosh va shamol stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini to‘plab, uni kechki yuqori yuklama vaqtida tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Bu an’anaviy elektr stansiyalarida qo‘shimcha gaz yoqish zaruratini kamaytirib, butun tizim barqarorligini oshiradi.
Hozir energiya saqlash tizimlari bo‘yicha umumiy quvvati 4,2 gigavatt bo‘lgan 26 ta loyiha shakllantirilgan. Ulardan 17 tasi amalga oshirish bosqichida. 2030 yilgacha ayni yo‘nalishda qo‘shimcha yangi loyihalarni shakllantirish taklif qilingan.
Prezident generatsiya quvvatlarini ko‘paytirish bilan birga ularni iste’molchilarga yetkazib beradigan magistral tarmoq va podstansiyalarni ham oldindan barpo etish zarurligini ko‘rsatib o‘tgan.
2030 yilga qadar 9 ta 220 kilovoltli va 7 ta 500 kilovoltli yangi podstansiya qurish, qariyb 5 ming kilometr yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu yangi elektr stansiyalarini energotizimga ulash, hududlar o‘rtasida quvvat almashinuvini kengaytirish imkonini beradi.
Xususan, 2027-2029 yillarda bir qator strategik 500 kilovoltli elektr uzatish tarmoqlari va yangi podstansiyalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Taqdimotda ularning qurilish holati, moliyalashtirish masalalari va mavjud kechikishlarni bartaraf etish choralari alohida ko‘rib chiqilgan.
Qoraqalpog‘istonda qayta tiklanuvchi energiyaning katta salohiyatidan foydalangan holda raqamli iqtisodiyot uchun yangi infratuzilma yaratish masalasi ham muhokama qilingan.
Hududda istiqbolli shamol elektr stansiyalarini 1 gigavatt quvvatli data-markazlar bilan bog‘lash, buning uchun yangi 220 kilovoltli podstansiya va elektr uzatish tarmoqlarini qurish taklif etilgan. Mazkur infratuzilma yangi data-markazlarni energotizimga integratsiya qilish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish va hududning mavjud energetik salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi.
Live
Barchasi