O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi bor – Prezident
Jamiyat
−
13 iyul 2326 2 daqiqa
O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. Bu haqda bugun, 13 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.
Ushbu kondan temir konsentrati 2027 yildan boshlab kombinatga yetkazib berilishi shartligi belgilangan.
Bundan tashqari, “Tebinbuloq” konini uch-to‘rt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etilib, tez fursatda shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo olib kelishni boshlash vazifasi qo‘yilgan.
Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlangan.
Samarqanddagi korxona temir koni berilsa, xomashyo qazib olishga 500 million dollargacha sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan. Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini kengaytirish uchun Forishdagi 32 million tonna temir resursiga ega “Temirkon”ni o‘zlashtirishni so‘ragan. Prezident buning uchun sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar bergan.
Shuningdek, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari borligi prognoz qilinmoqda. Davlat rahbari bunday yirik loyihalarda temir sifatini oshirish uchun marganets va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini ta’kidlagan.
Mutasaddilarga ushbu maydonlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, bir oyda temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha geologiya dasturini kiritish topshirilgan.
Hudud rahbarlariga mazkur ishlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi qo‘yilgan.
Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari bo‘yicha yig‘ilishdan so‘ng hokimlar metall mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni boshlagani qayd etilgan.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.
Live
Barchasi