O‘zbekiston TIV rahbari Kaya Kallas bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Lyuksemburgda O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig‘ilishi doirasida Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan uchrashdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram sahifasida yozdi.

Suhbatda barqaror mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi ko‘priklar barpo etish hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, transport aloqalaridan tortib “yashil” energetikagacha, innovatsiyalardan ta’limgacha bo‘lgan sohalarda hamkorlik doirasini kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqilgan.

“O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga bo‘lgan o‘zaro intilishimizni yana bir bor tasdiqladik. Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash hamda mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish yo‘llarini muhokama qildik”, deya yozadi Saidov.

TIV rahbari yig‘ilish natijalari hamkorlikni kengaytirish va umumiy qadriyatlarga asoslangan yanada mustahkam, istiqbolga yo‘naltirilgan sheriklikni shakllantirishda yangi turtki berishiga ishonch bildirgan.

“O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro hurmat, ishonch, tinchlik hamda farovonlik yo‘lidagi umumiy intilishlarga asoslangan faol va istiqbolli munosabatlarni rivojlantirishda davom etadi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham Kallas bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

TIV Evropa Ittifoqi Baxtiyor Saidov Kaya Kallas Lyuksemburg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing