O‘zbekiston TIV migrantlar huquqlari buzilayotgani borasida Rossiya elchisi bilan gaplashib oldi
Jamiyat
−
03 may 2025 6695 2 daqiqa
Bugun, 2 may kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oleg Malginov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni Rossiya tomonining e’tiborini Rossiya Federatsiyasida O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlarining huquqlari buzilishi va ularga nisbatan qo‘pol muomala holatlari haqidagi ko‘payib borayotgan xabarlarga qaratgan.
Bunday holatlar Rossiya hududida mehnat faoliyati olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va erkinliklarini buzish hisoblanishi, bu huquq va erkinliklar esa yashab turgan mamlakat qonunchiligi asosida ta’minlanishi lozimligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan, ko‘tarilgan masalani sinchkovlik bilan o‘rganish va O‘zbekiston tomonining xavotirlarini Rossiya Federatsiyasining tegishli vakolatli organlariga yetkazish zarurligi alohida qayd etilgan.
Shuningdek, tomonlar kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qilgan hamda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik doirasida oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvalini kelishib olgan.
“Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha hamkorlik yuqori darajada ekanini ta’kidladi: har yili konsullik masalalari yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, migratsiya sohasida ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan: O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada ishlash uchun tashkiliy jalb etish masalalarini tartibga solish yuzasidan ikki tomonlama ishchi guruh har oy muntazam yig‘ilishlar o‘tkazmoqda”, deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rossiya fuqarolarining ikki mamlakat hududidagi huquq va erkinliklarini o‘zaro ta’minlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki (OMON) migrantlarga qarshi reyd o‘tkazib, migrantlar yarim yalang‘och holatda emaklab yurishga majburlangandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa hammom majmuasini rejali tekshirish hech bir mamlakat fuqarolariga qaratilmaganini bildirgandi. 14 aprel kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Almaz Imangaziyev chet mamlakatda o‘z fuqarolarining tahqirlangani yuzasidan Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Vazirlik tomonidan voqea bo‘yicha o‘rganish olib borib, kuch ishlatish asossiz bo‘lgan taqdirda, ushbu hodisa bo‘yicha Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish so‘ralgandi va rasmiy nota topshirilgandi. 15 aprel kuni o‘zbekistonlik deputatlar ham Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy manfaatlari himoya qilinishi borasida parlament so‘rovi yuborgandi.
Keyinroq esa Moskva shahridagi kafelardan birida migrantlar mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan ayovsiz kaltaklangani aks etgan video tarqaldi.
Live
Barchasi