O‘zbekiston Suriyaga aylanmagan bo‘lsa, bu Islom Karimovning dono siyosati sabab – Lola Karimova
Jamiyat
−
03 Sentabr 74837 3 daqiqa
Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlar, jumladan, Suriya yoki boshqa qo‘shni yurtlar boshidan kechirgan fojialar O‘zbekistonni chetlab o‘tgan bo‘lsa, bu aynan O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning dono siyosati va qat’iyatli rahbarligi bois bo‘lgan. Bu haqda marhum Prezidentning kenja qizi Lola Karimova - Tillyayeva otasi vafotining 9 yilligi munosabati bilan Instagram’ga joylagan videopostida gapirdi.
U otasini odatga ko‘ra shaxsiy hikoya bilan xotirlamoqchi emasligi, bunga tayyormasligi, ammo Islom Karimov qizining shaxsiy hayotiga doir maslahatlarida ham naqadar haq bo‘lganini bugun chuqurroq anglayotganini aytgan.
“Bugun birinchi prezidentimizni mehr va samimiyat bilan yod etayotgan barcha insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Hammangizga rahmat aytaman. Bilaman, bugun ko‘pchilik mendan odatdagi kabi shaxsiy bir hikoya kutmoqda. Ishonchim komilki, bu siz kutgan hikoya bo‘ladi. Lekin hozircha uni aytib berishga tayyor emasman, chunki u hali davom etmoqda. Faqat shuni aytmoqchimanki, hatto, shaxsiy hayotimga doir maslahatlarida ham otam naqadar haq bo‘lganini bugun yanada chuqurroq anglamoqdaman. Bu hikoyani balki keyingi safar so‘zlab berarman”, deydi Lola Karimova-Tillyayeva.
U otasining qilgan ishlari, xotirasini, O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida, ya’ni 1990 va 2000 yillar boshida tutgan yo‘lini, dono va uzoqni ko‘ra bilgan siyosatini yodga olmoqchiligini bildirib, shunday degan:
“Bugun dunyoga nazar tashlar ekanman, uning ko‘plab qarorlarida naqadar haq bo‘lganini yanada yaxshiroq tushunyapman. Menga ko‘pchilik qo‘shilsa kerak. Shu bilan birga, ayrim paytlar uning siyosati va o‘tmishini kamsitishga urinishlar paydo bo‘layotganini ham ko‘rmoqdaman. Lekin men qat’iy ishonch bilan aytaman: Birinchi Prezidentimiz O‘zbekistonni ichki urushlardan, to‘qnashuvlardan asrab qolgan. Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlar, jumladan, Suriya yoki boshqa qo‘shni yurtlar boshidan kechirgan fojialar O‘zbekistonni chetlab o‘tgan bo‘lsa, bu aynan uning dono siyosati va qat’iyatli rahbarligi bois bo‘lgan. Buning uchun unga minnatdorlik bildirishga haqlimiz. Bu faqat mening fikrim emas, deb o‘ylayman”.
Lola Karimova-Tillyayevaga ko‘ra, Islom Karimov nomini yomon ko‘rsatishga urinayotgan buyurtma suhbatlar, yolg‘on intervyular, yoki turli “trollar” faoliyati uchrab turibdi.
“Bular juda kulgili va arzimagan ko‘rinadi. Chunki tarixda allaqachon o‘z o‘rnini topgan insonni hech kim inkor qila olmaydi. Ha, uni turli nuqtayi nazardan baholash mumkin, ammo, eng asosiysi, uning qilgan ishlari – O‘zbekistonni bugungi yo‘lga olib chiqdi”, deydi Karimovning kenja qizi.
U so‘zida davom etarkan, o‘tgan yillar davomida Samarqandda Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib, uning haqqiga duo qilib kelayotgan insonlarni ham qadrlashini bildirgan.
“Minglab, yuz minglab odamlarning muhabbati va duolari uning hayoti davomida xalqqa ko‘rsatgan e’tibori va mehriga munosib javob, deb bilaman. Bu muhabbat uning vafotidan keyin ham davom etmoqda.
Bugun yana bir bor barchangizga minnatdorchilik bildiraman, uni ezgu xotira bilan eslayman, vafot etganiga 9 yil to‘lgani munosabati bilan otam uchun duo qilaman”, deydi Lola Karimova-Tillyayeva.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni bosh miyada qayta tiklanmaydigan o‘zgarishlarga va poliorgan yetishmovchiligiga olib kelgan miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etdi.
Islom Karimov vafotidan keyin uning bevasi Tatyana Akbarovna Karimova kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva bilan Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondini tashkil etdi. Lola Karimova-Tilllyayeva O‘zbekistondagi barcha lavozimlari va bizneslarini tashlab, Amerikaga ko‘chib o‘tdi. Oilaning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova bir necha ayblovlar bilan hibsda qolmoqda. Karimovning nabiralaridan Maryam Tillyayeva ham Toshkentda yashamoqda. Imon Karimova esaToshkentga tez-tez kelib turadi. Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom esa bobosi vafotidan buyon O‘zbekistonga kelmadi, ayni vaqtda u oilali va Londonda istiqomat qiladi.
Live
Barchasi