O‘zbekiston Karib dengizidagi orol davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi

Jamiyat

image

Kecha, 10 sentyabr kuni AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston bilan Sent-Lyusiya mamlakati o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. 

Hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Sent-Lyusiyaning BMTdagi doimiy vakili Menissa Rambali imzolagan. 

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirgan. 

Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 

“Hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Karib havzasi mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorligini faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etish joiz, Karib dengizining sharqiy qismida joylashgan Sent-Lyusiya orol davlati O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 163-davlat sanaladi.

Ma’lumot uchun, Sent-Lyusiya Karib dengizidagi kichik orol davlati bo‘lib, Kichik Antil orollari tarkibiga kiradi. Poytaxti – Kastri shahri. Mamlakat 1979 yilda Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishgan. Rasmiy til – ingliz tili, aholining asosiy qismi esa kreol tilida ham so‘zlashadi. Aholisi taxminan 180 ming atrofida bo‘lib, iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari turizm, qishloq xo‘jaligi (ayniqsa banan yetishtirish) va moliyaviy xizmatlardir. Amalda hukumat Bosh vazir tomonidan boshqariladi. Sent-Lyusiya o‘zining go‘zal plyajlari, Piton tog‘lari va boy Karib madaniyati bilan mashhur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Eritreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolangandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Sent-Lyusiya Menissa Rambali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing