O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyodov vafot etdi
Jamiyat
−
14:19 1880 2 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr kuni butun hayoti va faoliyatini qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga bag‘ishlagan taniqli fermer, O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyodov 79 yoshida vafot etdi. Prezident uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Parda Ziyodov 1947 yili Jizzax viloyatining Sharof Rashidov (sobiq Jizzax) tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida agronom mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan.
Harbiy xizmatni o‘tab kelgach, mehnat faoliyatini tumandagi Hamroqul Nosirov nomidagi jamoa xo‘jaligida tabelchi sifatida boshlagan. Keyinchalik mazkur xo‘jalikda brigada boshlig‘i, shirkat xo‘jaligi bosh pudratchisi kabi vazifalarda samarali faoliyat ko‘rsatgan.
Dehqonchilik ilmini chuqur biladigan Parda Ziyodov 2003–2018 yillarda Sharof Rashidov tumanidagi “Quyoshsevar Parda” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilib, mamlakatda agrar sohada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakati rivojini yangi bosqichga olib chiqishga katta hissa qo‘shgan. U shartnoma rejalarini muntazam ortig‘i bilan bajarib kelgan, paxtachilik va g‘allachilikda o‘z tajriba maktabini yaratgan zahmatkash fermer, mohir tashkilotchi, kamtarin va samimiy inson sifatida nafaqat Jizzax viloyatida, balki butun respublikada munosib obro‘-e’tibor topgan.
Mashhur fermer ko‘plab yoshlarga ustozlik qilib, qishloq xo‘jaligi sohasini malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida ham alohida jonbozlik ko‘rsatgan.
Parda Ziyodov 1990–1995 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2015 yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi hamda ko‘p yillar davomida Xalq deputatlari viloyat va tuman kengashlari deputati sifatida faoliyat yuritib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida jonkuyarlik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyon etgan.
Parda Ziyodov so‘nggi yillarda, nafaqada bo‘lishiga qaramasdan, qishloq va mahallalarni obod qilish, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash jarayonlarida faol ishtirok etgan.
Uning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.
“Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining yorqin namoyandasi, mehnat faxriysi, samimiy va kamtarin inson Parda Ziyatovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya xatida.
Live
Barchasi