O‘zbekiston AQSH bilan uran va mis qazib olishni rejalashtirmoqda

Jamiyat

image

Vashington shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, Prezidentning maxsus yordamchisi Rikki Gil, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Stiven Vaden, shuningdek, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi rahbarlari, “Traxys”, “FLSmidth”, “McKinsey”, “Meta”, “Google”, “Amazon”, “Boeing”, “Air Products”, “Axiom Space”, “Cove Capital”, “Freeport-McMoRan”, “Orion CMC”, “Cargill Cotton”, “John Deere”, “Honeywell”, “Valmont Industries”, “Flowserve Corporation” kabi yirik korporatsiya va kompaniyalarning yuqori darajadagi menejerlari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi so‘nggi 8 yil ichida AQSH bilan tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshgani, mamlakatda AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini ta’kidladi.

Prezident Mirziyoyev hamkorlikning bugungi darajasi birgalikdagi ishlarga keng istiqbol ochadigan yangi bosqichning boshlanishi ekanini alohida ta’kidladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lajak uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va yangi qo‘shma tashabbuslar muhokama qilinishi qayd etildi.

Davlat rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

2030 yilga borib O‘zbekistonda 18-20 gigavattlik qayta tiklanuvchi quvvatlarga ega yangi energetika tizimi yaratiladi, elektr energiyasining yarmidan ko‘pi quyosh va shamol energiyasi hisobidan ishlab chiqariladi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston va AQSH uran, mis, volfram, molibden va grafit qazib olish hamda chuqur qayta ishlashni rivojlantiradi. Ishonchli yetkazib berish zanjirlarini yaratish va AQSHning ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, avtomobil va temir yo‘llar, terminallar va aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. 2030 yilgacha transport infratuzilmasini rivojlantirishga 12 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

AQSHning “Google”, “Meta”, “NVIDIA” kompaniyalari bilan raqamli hamkorlik kengaymoqda. Apple Pay va Google Pay to‘lov tizimlarini joriy etish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini yaratish shular jumlasidan.

Bunday loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun DFC korporatsiyasi hamda AQSH Eksimbanki jalb qilinishi aytildi.

Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH kompaniyalarining investitsiya tashabbuslarini shaxsan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Mirziyoyev AQSH Eksport-import banki rahbari Jon Yovanovich va AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Блэкни qabul qilgandi. Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vaziri Xovard Latnik bilan muzokara o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shavkat Mirziyoev O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing