O‘zbekiston hukumati Saudiyaga qilingan hujumlarni qoraladi
Jamiyat
−
18:22 747 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada yomonlashuvi, jumladan, Saudiya Arabistoni Podshohligi hududiga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlari munosabati bilan chuqur xavotir bildiradi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik bayonotida bildirilishicha, O‘zbekiston tomoni tinch aholiga, fuqarolik va energetika infratuzilmasi ob’ektlariga qarshi kuch ishlatish bilan bog‘liq, shuningdek, mintaqa davlatlari xavfsizligi va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi har qanday harakatlarni keskin qoralaydi.
Shuningdek, xalqaro huquq normalariga, jumladan, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qat’iy rioya etilishi zarur, deb hisoblaydi.
Qayd etilishicha, yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish faqat siyosiy-diplomatik vositalar orqali, muloqot va o‘zaro hurmat asosida amalga oshirilishi lozim.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa davlatlarining Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatish, mojaroning yanada kengayishining oldini olish va barqaror tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi kunlarda Saudiya Arabistoniga husiylar tomonidan bir qator hujumlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilning 8 sentyabr kuni Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylari Saudiyaning Abha, Xamis-Mushayt, Jizon va Najron shaharlariga zarbalar bergan. Hujumlar oqibatida 73 kishi yaralangan, ayrim energetika ob’ektlarida yong‘inlar chiqqan.
9 sentyabr kuni ham Saudiya janubidagi hududlarga ballistik raketalar va dronlar orqali zarbalar berilgan. Bu 2022 yildagi sulhdan keyin Saudiya va husiylar o‘rtasidagi eng jiddiy keskinlashuvlardan biri bo‘lmoqda.
11 sentyabr kuni esa Saudiyaning Sharq-G‘arb neft quvuri ham dronlar hujumiga uchragan. Iroq hududidan uchirilgani aytilgan dronlar hujumidan so‘ng quvur vaqtincha yopildi. Ushbu quvur Saudiya neftini Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tib, Qizil dengiz orqali jahon bozoriga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.
Live
Barchasi