Urush kengaymoqda: husiylar Saudiyaga hujum qildi, o‘nlab tinch aholi jarohatlandi
Olam
−
07 avgust 5470 2 daqiqa
Yamandagi husiylar Saudiya Arabistoni janubiga hujum qilishi oqibatida 11 nafar tinch aholi jarohat oldi. Shu bilan birga, Saudiya hukumati husiylar va Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Iroq qurolli guruhlari tomonidan yangi muvofiqlashtirilgan hujumlar sodir etilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda Saudiya boshchiligidagi harbiy koalitsiya matbuot kotibi general-mayor Turki al-Malikiy ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Najron viloyatiga uyushtirilgan hujumda 7 nafar Saudiya fuqarosi, 1 nafar yamanlik, 2 nafar misrlik va 1 nafar pokistonlik jarohat olgan. Jabrlanganlar orasida 4 yoshli bola ham bo‘lib, u ikkinchi darajali kuyish jarohatini olgan.
Al-Malikiy husiylarni xalqaro gumanitar huquqni buzgan holda fuqarolik ob’ektlarini betartib o‘qqa tutishda ayblab, koalitsiya tinch aholini himoya qilish uchun zarur barcha choralarni ko‘rishini bildirgan.
Husiylar va Eron hozircha bu bayonotga munosabat bildirmagan.
“Reuters” agentligining qayd etishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi besh oydan buyon davom etayotgan urushi Saudiyaning xavfsizlik bo‘yicha hisob-kitoblarini yanada murakkablashtirgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Saudiya, AQSH va boshqa Yaqin Sharq davlatlari razvedkasi husiylar hamda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi nazoratidagi Iroq qurolli guruhlari yaqin vaqt ichida Saudiyadagi energetika infratuzilmasi, portlar va aeroportlar kabi fuqarolik ob’ektlariga muvofiqlashtirilgan hujumlar uyushtirishi mumkinligini aniqlagan.
Shu munosabat bilan Ar-Riyod xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga intilmoqda. Agentlikning ma’lumotiga ko‘ra, bugun, 7 avgust kuni Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishi kutilmoqda.
Saudiya rasmiylaridan biri mamlakat Eron bilan ziddiyatni muzokaralar orqali hal qilish va keskinlikni pasaytirish siyosatini qo‘llab-quvvatlayotganini, ehtimoliy hujumlar esa diplomatik jarayonni izdan chiqarishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Ma’lumot uchun, husiylar 4 avgust kuni Najron aeroportiga qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi. 5 avgust kuni esa ular Marib va Hadramavt viloyatlaridagi Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlarga qarshi hujumlarda 30 nafardan ortiq Yaman hukumat qo‘shinlari harbiysi halok bo‘lganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni Saudiya Arabistoni AQSH Markaziy qo‘mondonligi bilan hamkorlikda Iroqdagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan qurolli guruhlarga zarbalar berganini ma’lum qilgan edi. Bu qaror Saudiya neft inshootlariga dronlar orqali uyushtirilgan hujumlardan so‘ng qabul qilingan. Iroq qurolli guruhlari esa bu zarbalarga javob qaytarishini bildirgan.
Live
Barchasi