“O‘rda” nashrining bosh muharriri 8 yilga qamaldi

Olam

image

Qozog‘istonda “O‘rda” nashrining sobiq bosh muharriri Gulnora Bajkenova noqonuniy tadbirkorlik, o‘ta ko‘p miqdorda mablag‘ o‘zlashtirish va bila turib yolg‘on axborot tarqatishda aybdor deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Biroq jazoni ijro etish 2 yilga kechiktirildi. Bu haqda bugun, 19 avgust kuni “24kg” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Olmaota shahri sudi uning ishi bo‘yicha hukmni kecha, 18 avgust kuni chiqargan. Bajkenovaga keyingi 5 yil davomida jurnalistika va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish ham taqiqlangan. Prokuratura ham unga 8 yillik qamoq jazosini 2 yilga kechiktirishni so‘ragan.

Qayd etilishicha, jurnalist sudga salomatligi yomonligi sababli nogironlar aravasida olib kelingan. Sud jarayoni davomida u bir necha marta sog‘lig‘i zaifligidan shikoyat qilgan, ammo sudya majlisni qoldirishdan bosh tortgan. Unga ukol qilingan va shifokorlar sudlanuvchi jarayonda ishtirok etishi mumkinligini tasdiqlagan.

Noqonuniy tadbirkorlik bo‘yicha tergovda Bajkenova yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega bo‘lmagan holda ko‘chmas mulk bilan bitimlar tuzganini bildirgan. U sotilgan kvartiralar qiymati oshishidan olingan daromaddan 12 million tengedan ortiq soliq to‘lamaganlikda ayblangan.

Bildirilishicha, o‘zlashtirish bo‘yicha ayblovga qariyb 88 million tenge kiritilgan. Shundan 4,6 million tengesi Gulnora Bajkenova tomonidan kompaniya hisobidan 11 yoshli o‘g‘lining ta’limi uchun o‘tkazilgan. Sudlanuvchi o‘sha paytda davlat uning shaxsiy hisoblarini xatlagani, ta’lim muassasasi esa naqd pul qabul qilmaganini tushuntirgan.

Bajkenova mablag‘ni to‘liq qoplashni rejalashtirganini, ammo uy qamog‘iga olinguniga qadar buni amalga oshirishga ulgurmaganini aytgan. Shuningdek, u kompaniyaga bir necha bor o‘z mablag‘larini kiritgani va shaxsiy investitsiyalari olib qo‘yilgan summadan ancha ko‘p bo‘lganini ta’kidlagan.

Manbaga ko‘ra, yana 83 million tenge bosh muharrir tomonidan bir necha yil davomida tahririyat xodimi Islom Abdukaparovning hisob raqamiga o‘tkazilgan. Bajkenovaning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘lar naqdlashtirilib, jurnalistlarga ish haqi sifatida tarqatilgan.

Bu versiyani Abdukaparovning o‘zi, kompaniya buxgalteri va sudda ko‘rsatma bergan xodimlar ham tasdiqlagan. Ular naqd pul olgani haqida tilxatlar yozganini bildirgan, ammo sud ushbu hujjatlarni ish materiallariga qo‘shishdan bosh tortgan.

Qayd etilishicha, bila turib yolg‘on axborot tarqatish bo‘yicha ayblovga 8 ta matn asos bo‘lgan. Ularning 2 tasini Bajkenovaning o‘zi, qolganlarini esa “O‘rda”ning sobiq 4 nafar xodimi yozgan. 4 muallifdan 3 nafari sudda ko‘rsatma berib, materiallarning haqiqiyligini tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, jurnalist 2025 yil 1 dekabrdan beri uy qamog‘ida edi. O‘sha kuni kuch ishlatar tuzilmalar nashr tahririyatlarida tintuvlar ham o‘tkazgan.

Gulnora Bajkenova, avvalroq unga bosim o‘tkazilayotgani va biznesni reyderlik yo‘li bilan egallab olishga urinish bo‘lganini aytgan. “O‘rda” nashri esa manfaatlar to‘qnashuvi sababli o‘zining sobiq rahbari ustidan o‘tkazilgan sud jarayonini yoritishdan bosh tortgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston sudi mashhur “Tehelka” jurnalining sobiq bosh muharriri Tarun Tejpalni hamkasbini zo‘rlaganlikda aybdor deb topgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing