Ukrainaning 2014 yilgi chegaralariga qaytishi real emas – AQSH Mudofaa vaziri
Olam
−
13 fevral 5482 3 daqiqa
AQSH Ukrainadagi urushni diplomatik yo‘llar bilan tugatishga harakat qilmoqda, biroq Ukrainaning NATOga a’zoligi real maqsad emas. Bu haqda AQSHning yangi Mudofaa vaziri Pit Hegset kecha, 12 fevral kuni Bryusselda NATO Mudofaa vazirlari yig‘ilishining ochilishida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, AQSH NATOga sodiq qoladi, ammo Yevropa ittifoqchilari o‘z xavfsizligi uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari kerak. Donald Tramp ma’muriyatining Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini sharhlar ekan, Hegset shunday dedi:
“Bizning xabarimiz aniq: qon to‘kilishi to‘xtatilishi va bu urush tugashi kerak. AQSH Prezidenti Donald Tramp bu urushni diplomatik yo‘l bilan to‘xtatib, Rossiya va Ukrainani muzokaralar stoliga o‘tkazishga intilmoqda va AQSH Mudofaa vazirligi bu maqsadga erishishda yordam beradi”.
Shuningdek, Hegset Tramp Amerika xalqi va aksariyat Yevropa yetakchilariga urushni tugatish va barqaror tinchlikka erishish eng muhim vazifa ekanini “aniq qilib berganini” aytdi.
“Siz kabi biz ham suveren va gullab-yashnagan Ukrainani xohlaymiz, lekin birinchi navbatda Ukrainani 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga qaytarish real bo‘lmagan maqsad ekanligini tan olishimiz kerak. Bu xayolparast maqsadga erishish faqat urushning cho‘zilishi va yangi azob-uqubatlarga olib keladi. Ukraina uchun mustahkam tinchlik urushning qayta boshlanishining oldini olish uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga olishi kerak”, dedi Hegset Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov ham ishtirok etgan yig‘ilishda ittifoqchilarga qilgan birinchi murojaatida.
Bundan tashqari, Hegset Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi muzokaralar yo‘li bilan hal etishning real natijasi ekanligiga ishonmasligini bildirdi.
“Buning o‘rniga, har qanday xavfsizlik kafolatlari qobiliyatli Yevropa va Yevropa bo‘lmagan kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Agar bu qo‘shinlar Ukrainaga tinchlikparvar sifatida yuborilsa, ular NATOga kirmagan missiyaning bir qismi sifatida 5-modda doirasidan tashqarida bo‘lishi kerak”, dedi Pentagon rahbari.
Hegset, shuningdek, aloqa liniyasi ustidan ishonchli xalqaro nazoratni ta’minlash zarurligini ta’kidladi:
“Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, AQSH qo‘shinlari Rossiya urush mashinasini moliyalashtiradigan keyingi diplomatiya va energiya narxini pasaytirish uchun xavfsizlik kafolatlarining bir qismi sifatida Ukrainaga joylashtirilmaydi. Yevropa xavfsizligini ta’minlash NATOning Yevropa a’zolari uchun majburiyat bo‘lishi kerak. Buning bir qismi sifatida Yevropa kelajakdagi harbiy yordamning katta qismini Ukrainaga berishi kerak”, dedi Xegset.
Uning fikricha, bunga erishish uchun Yevropa mudofaa xarajatlarini oshirishi kerak.
“Yalpi ichki mahsulotning 2 foizlik ulushi yetarli emas. Prezident Tramp 5 foizni talab qildi va men uning fikriga qo‘shilaman. Allaqachon 5 foiz ajratgan Polsha “Yevropa uchun namunadir”, dedi Pentagon rahbari.
AQSHning yangi Mudofaa vaziri Tramp ma’muriyatining transatlantik ittifoq haqidagi nuqtai nazarini shunday xulosa qildi:
“Bizning transatlantik ittifoqimiz zarurat tufayli o‘nlab yillar davom etdi va biz uning kelgusi avlodlar uchun ham davom etishini kutamiz. Lekin bu shunchaki sodir bo‘lmaydi. Yevropa ittifoqchilari qit’ada an’anaviy xavfsizlik uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari kerak bo‘ladi. Kuchni birinchi o‘ringa qo‘ygan Qo‘shma Shtatlar o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun NATO va Yevropa bilan mudofaa sohasidagi sherikligiga sodiq qoladi. Ammo Qo‘shma Shtatlar endi qaramlikka undaydigan beqaror munosabatlarga toqat qilmaydi”.
Live
Barchasi