Ukrainaning hududiy muzokaralarga tayyorligi aytildi
Olam
−
13 avgust 2025 5388 2 daqiqa
Ukraina hududiy masalalar bo‘yicha muzokaralarga tayyor, ammo “boshlang‘ich nuqta” jangovar aloqa chizig‘i bo‘lishi kerak. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSH Prezidenti Donald Tramp va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi videokonferensiya yakunlari bo‘yicha aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, Mersning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya nazorati ostidagi hududlarni qonuniy tan olish “muhokama qilinadigan mavzu emas”.
Germaniya kansleri bugun, 13 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Trampning Alyaskada bo‘lajak muzokaralari oldidan G‘arbning pozitsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida Ukraina muammosi bo‘yicha onlayn uchrashuv tashkil qildi. Vladimir Zelenskiy uchrashuvda ishtirok etish uchun Berlinga bordi. Dastlab Yevropa yetakchilarining videokonferensiyasi bo‘lib o‘tdi, unda Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Zelenskiy ham ishtirok etdi. Shundan so‘ng Tramp, Yevropa yetakchilari va Zelenskiy bilan onlayn suhbat bo‘lib o‘tdi. Keyin Kiyevga harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning onlayn uchrashuvi rejalashtirilgan.
Rossiya TIV Axborot va matbuot departamenti direktori o‘rinbosari Aleksey Fadeyev Yevropa va Kiyevning Ukraina bo‘yicha uchrashuvi siyosiy va amaliy jihatdan ahamiyatsiz harakat ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar Vashington va Moskvaning Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarini og‘zaki qo‘llab-quvvatlasada, aslida Yevropa Ittifoqi ularni sabotaj qilmoqda. Fadeyevning ta’kidlashicha, Moskva Ukraina mojarosining avj olishi Yevropaning bir qator hukumatlari uchun o‘z fuqarolarini majburiy harbiylashtirish va iqtisodiyotni turg‘unlikka yo‘naltirilgan majburiy sarmoyalarni oqlashning yagona yo‘li, deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina va Yevropa yetakchilari bugun, 13 avgust kuni oxirgi harakat sifatida AQSH Prezidenti Donald Trampni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvini imzolamaslikka, chunki bunday kelishuv Kiyev manfaatlariga xiyonat bo‘lishi mumkinligini aytgan holda, ishontirishga urindi.
Live
Barchasi