Ukrainaliklarning qanchasi urushga yakun yasashda muzokaralarni afzal biladi?
Olam
−
07 avgust 12290 3 daqiqa
Rossiya-Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan beri uch yildan ortiq vaqt o‘tgach, ukrainaliklarning aksariyati Rossiya bilan urushni muzokaralar orqali yakunlash tarafdori bo‘lib qolmoqda. Bu haqda “Gallup” tashkiloti ukrainaliklar orasida so‘rovnoma o‘tkazdi.
Ushbu so‘rovnoma 2025 yilning iyul oyi boshida o‘tkazilgan va unga ko‘ra, respondentlarning 69 foizi muzokaralar yo‘li bilan urushni tezroq tugatishni qo‘llab-quvvatlagan, faqat ularning 24 foizi esa “g‘alabaga qadar kurashish” fikrida qolgan. Bu 2022 yilga nisbatan tub burilish bo‘lib, o‘shanda so‘rovnomaga javob bergan 73 foiz odam jangni oxirigacha davom ettirish tarafdori edi.
Urushga bo‘lgan munosabat barcha hudud va guruhlarda o‘zgargan. Aynan shu fon ostida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bevosita muzokaralarga tayyorligini bildirgan. Oq uy rahbari Donald Tramp esa Kremlga bosimni oshirib, sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda. Shunga qaramay, urush kundalik dron va raketa hujumlari bilan davom etmoqda.
So‘rovnomada qatnashgan aholining 25 foizi yaqin 12 oy ichida janglar tugashiga umid qilmoqda, lekin atigi 5 foiz buni “juda ehtimoliy” deb hisoblaydi. Aksincha, 68 foiz respondent faol jang harakatlari yaqin orada to‘xtashiga ishonmaydi.
So‘rovnomalar shuningdek, AQSHga nisbatan munosabatning keskin yomonlashganini ko‘rsatgan. 2025 yil holatiga ko‘ra, ukrainaliklarning atigi 16 foizi AQSH rahbariyatini ma’qullagan, 73 foizi esa norozilik bildirgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yildagi 66 foizlik ijobiy bahodan tubdan farq qiladi. Trampning prezidentlikka qaytishi va fevral oyidagi Zelenskiy bilan og‘ir uchrashuv hamda vaqtincha harbiy yordam to‘xtatilishi bu norozilikka sabab bo‘lgan. Biroq shunga qaramay, ukrainaliklar AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyani hal qiluvchi tinchlik muzokaralari ishtirokchisi deb bilishda davom etmoqda. So‘rov qatnashchilarining 70 foizi AQSH, 75 foizi YeI va 71 foizi Britaniyani muzokaralarda muhim rol o‘ynashi kerak, deb hisoblaydi. Turkiyada muzokaralar bo‘lib o‘tayotganiga qaramay, faqat 55 foiz ukrainaliklar ularning faol ishtirokini yoqlagan.
NATO va Yevropa Ittifoqiga kirish borasidagi umidlar ham susaygan. NATOga kirish umidlari 2022 yilda 64 foiz, 2023 yilda esa 69 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 32 foizgacha tushib ketgan. NATOga hech qachon a’zo bo‘lmaslik mumkin, deb hisoblovchilar soni esa 33 foizga yetgan. Yevropa Ittifoqi bo‘yicha biroz umid saqlanib qolgan – so‘rovnomada qatnashganlarning 52 foizi Ukraina 10 yil ichida YeIga qabul qilinadi, deb hisoblaydi.
Xulosa qilib aytganda, ukrainaliklar tinchlik muzokaralariga tayyor, lekin ularning katta qismi yaqin orada urush tugashiga ishonmaydi. AQSHga nisbatan salbiy qarash kuchaygan bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga tinchlikka erishishda hal qiluvchi kuch deb qaralmoqda. NATOga a’zolik umidlari susaymoqda, diplomatik jarayonlar sekin kechmoqda va Ukraina uchun yaqin kelajakda aniq qadamlar yo‘qligi ko‘rinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoffga amerikalik mavqedoshi Donald Tramp bilan uchrashmoqchi ekanini aytgandi. Putinning bu taklifi Trampning urushni to‘xtatish haqidagi bayonotlari, sanksiyalar bilan qo‘rqitishi ortidan kelib chiqdi. Tramp Uitkoff Putindan yaxshi xabar olib kelmasa, unga qarshi keskin bojlar joriy qilish bilan ogohlantirgandi.
Live
Barchasi