Ukrainada Mirage qiruvchi samolyoti halokatga uchradi
Olam
−
23 iyul 6742 2 daqiqa
Ukrainada parvoz missiyasini bajarayotgan Mirage 2000 qiruvchi samolyoti uskunasida nosozlik yuz berdi. Bu haqda kecha, 22 iyul kuni kechqurun Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lum qildi.
Bildirilishicha, uchuvchi katapult qilgan va uning ahvoli barqaror.
“Yerda qurbonlar yo‘q. Aviatsiya hodisasi sabablarini aniqlash uchun maxsus komissiya tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Voqea Ukrainaning qaysi viloyatida sodir bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan. Biroq “Ozodlik” radiosiga ko‘ra, bu mamlakat g‘arbidagi Volin viloyati.
“Uchuvchining samolyotni boshqarish imkoni yo‘q edi, lekin u bortni aholi punktlaridan uzoqroqqa, kimsasiz joyga yo‘naltirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalangan. Dunyoda samolyotlarning nosozligi holatlari kam uchraydi, shuning uchun komissiya ushbu aviahalokat sabablarini aniqlaydi”, dedi Ukraina Harbiy-havo kuchlari vakili, polkovnik Yuriy Ignat “Ukraina haqiqati” internet nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Mirage qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga Fransiya yetkazib bergan. Ukraina bilan “yangi hamkorlik” boshlanishi va Mirage 2000-5 qiruvchi samolyotlarining Fransiya ishlab chiqaruvchisi Dassault'dan Kiyevga ko‘chirilishi, shuningdek, ukrainalik uchuvchilarni Fransiyada ularni boshqarishga o‘rgatish rejalari haqida mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron 2024 yil iyun oyida e’lon qilgan edi. O‘sha yilning oktyabr oyida Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari Sebasten Lekornyu yetkazib berish 2025 yilning birinchi choragiga qoldirilganini ma’lum qildi. Dastlab 2024 yil oxirigacha yetkazilishi kerak bo‘lgan birinchi Mirage 2000-5 ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlar Fransiya tomonidan Ukrainaga 2025 yilning fevralida yetkazilgan edi.
Live
Barchasi