Ukraina tinchlikka tayyor bo‘lguncha kutamiz – Putin
Olam
−
01 avgust 8966 2 daqiqa
Kiyev hozir muzokaralar uchun vaqt emas, deb hisoblayotgan bo‘lsa, Moskva kutishga tayyor. Bu haqda bugun, 1 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan Valaamdagi uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.
“Aslida kutish mumkin, agar Ukraina rahbariyati hozir vaqt emas, kutish kerak, deb hisoblayotgan bo‘lsa, biz kutishga tayyormiz”, degan Vladimir Putin.
Putinning fikricha, Rossiya va Ukraina mojarosiga tinch yo‘l bilan yechim topish uchun atroflicha muloqot olib borish kerak, lekin bu ochiq-oshkora amalga oshirilmasligi zarur.
“Barcha hafsalasi pir bo‘lishlar ortiqcha umidlar sabab yuz beradi”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina bo‘yicha o‘z maqsadlarini bir yil oldin belgilagan. Vladimir Putin Ukrainada vaqtinchalik emas, balki uzoq muddatli tinchlikka erishish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Rossiya rahbari, shuningdek, Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarni ijobiy baholagan.
“Men buni umuman ijobiy baholayman. Axir yuzlab odamlar o‘z yurtiga qaytdi. Gumanitar nuqtai nazardan biz halok bo‘lgan ukrainalik askarlarning jasadlarini minglab sonlarda topshirdik, javoban esa o‘nlab bizning halok bo‘lganlarimizni oldik”, degan Putin.
Ma’lumot uchun, 23 iyul kuni Istanbulda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Istanbuldagi muzokaralarning uchinchi raundidan so‘ng Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustam Umarov Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvni avgust oyi oxirigacha o‘tkazishni taklif qilganini aytdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 24 iyul kuni bu ssenariyni dargumon deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit tinchlik muzokaralari yakunida, “bu muzokaralar natijalari qayd etilishi uchun barcha ishlar amalga oshirilgan”dagina mumkin bo‘ladi.
Biroq 25 iyul kuni Zelenskiyning o‘zi rossiyaliklar “endi suhbatlarda bu haqda gapira boshlagani, bu allaqachon qandaydir uchrashuv formatiga o‘tish ekanini” aytdi. Bunga javoban Peskov yana avgust oyida sammit bo‘lmasligini aytdi, chunki “yuqori darajadagi uchrashuv kelishuvga yakuniy nuqta qo‘yishi mumkin va kerak”.
Eslatib o‘tamiz, belaruslik Aleksandr Lukashenko bugun, 1 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Sank-Peterburgga borgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi