Ukraina sobiq energetika vaziriga “pul yuvish” ayblovi qo‘yildi
Olam
−
20:15 662 2 daqiqa
Ukrainaning sobiq energetika vaziri German Galushenko “pul yuvish” va jinoiy guruh faoliyatida ishtirok etishda rasman ayblanib qo‘lga olindi. Bu haqda Ukraina Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (MAP) xabar berdi.
Tergov davlat yadro energetikasi kompaniyasi – Energoatom atrofidagi korrupsiya ishi doirasida olib borilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, Galushenko 2021–2025 yillarda energetika vaziri bo‘lgan davrida noqonuniy moliyaviy sxemalarda qatnashgan.
Mablag‘lar qanday “yuvilgan”?
Pul yuvish – noqonuniy topilgan mablag‘ni qonuniy manbadan olingandek ko‘rsatish jarayoni. Tergovga ko‘ra, 2021 yil fevralida Karib dengizidagi orolda maxsus jamg‘arma tashkil etilgan. U orqali 118 million yevroga yaqin “investitsiya” yig‘ilishi rejalashtirilgan. Ayblanuvchining oila a’zolari ham “investor” sifatida ko‘rsatilgan.
Milliy antikorrupsiya byurosi (MAB) ma’lumotiga ko‘ra, 8,8 million yevro oila nazoratidagi hisob raqamlariga o‘tkazilgan, 1,3 million Shveysariya franki va 2,4 million yevro naqd pul Shveysariyaga yuborilgan, mablag‘ning bir qismi bolalarining Shveysariyadagi nufuzli o‘quv yurtlarida ta’limi uchun sarflangan, qolgan qismi sobiq turmush o‘rtog‘i hisob raqamlariga joylashtirilgan.
Tergovchilar pul ayrim hollarda kriptovalyuta (raqamli, markaziy bankka bog‘liq bo‘lmagan virtual pul) orqali ham aylantirilganini aytmoqda.
Kecha, 15 fevral kuni Galushenko chegarani kesib o‘tishga uringan paytda qo‘lga olingan. Ukraina OAV xabariga ko‘ra, u poyezddan tushirilib, Kiyevga olib ketilgan. Mazkur ish doirasida yana sakkiz kishi ayblangan. Tergovga ko‘ra, jinoiy guruhga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning sobiq yaqin hamkori Timur Mindich boshchilik qilgan bo‘lishi mumkin.
Rasmiylarga ko‘ra, guruh Energoatom pudratchilaridan (buyurtma asosida ish bajaruvchi kompaniyalar) har bir shartnoma qiymatining 10–15 foizi miqdorida pora olgan. Umumiy “yuvilgan” mablag‘ 100 million dollarga yaqin ekani aytilmoqda.
Tergov davom etmoqda. MAB 15 davlat bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan. Galushenko hozircha ayblovlar yuzasidan izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning sobiq bosh vaziri va “Batkivina” fraksiyasi rahbari Yuliya Timoshenkoga “noqonuniy manfaat taklif qilish” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.
Musulmon Sodiq
Live
Barchasi