Ukraina Rossiyaning mudofaa zavodiga zarba berdi (video)

Olam

image

Ukraina mamlakatda ishlab chiqarilgan “Flamingo” raketalari bilan Rossiyaning Volgograd viloyatida joylashgan artilleriya tizimlari va raketa uchirish majmualari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi zavodiga zarba berdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Zelenskiyning bildirishicha, tungi hujum oqibatida “Titan-Barrikadi” zavodi hududida yong‘in chiqqan. Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) ham o‘z dronlari Rossiyaning Vladimir viloyatidagi “Vtorovo” neft haydash stansiyasiga shu oy ichida ikkinchi marta hujum qilganini ma’lum qilgan.

UXX ma’lumotiga ko‘ra, mazkur stansiya neft mahsulotlarini Rossiya ichki bozoriga yetkazib berish va eksport qilishda foydalaniladigan muhim logistika markazlaridan biri hisoblanadi.

“Ukrainaning uzoq masofali “sanksiyalari” qamrovi kengayib bormoqda. Aynan bizning har kunlik bosimimiz oxir-oqibat munosib tinchlik uchun zamin yaratadi”, degan Zelenskiy Rossiya hududi ichkarisiga berilayotgan zarbalarga ishora qilib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Ukraina Rossiyaning neft infratuzilmasi va qurol-yarog‘ ishlab chiqarish ob’ektlariga o‘rta va uzoq masofali dronlar bilan hujumlarni kuchaytirgan. Kiyev bu harakatlarni Rossiyaning Kiyev va boshqa shaharlarga amalga oshirayotgan keng ko‘lamli raketa va dron hujumlariga javob sifatida izohlamoqda.

Zelenskiyning aytishicha, o‘tgan hafta davomida Rossiya Ukrainaning 15 viloyatiga qariyb 1400 ta dron va 19 ta raketa uchirgan. Havo mudofaa tizimlarini yetkazib berish hamda ittifoqchilar bilan dronlar sohasidagi hamkorlik Kiyev uchun ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning kecha, 26 iyun kuni amalga oshirgan dron hujumlari oqibatida Ukrainaning Dnepropetrovsk va Sumi viloyatlarida kamida uch kishi halok bo‘lgandi, yana bir necha kishi jarohat olgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing