Ukraina Rossiyaga yuzlab dronlar bilan hujum qildi. Qurbonlar bor
Olam
−
13 iyul 12434 2 daqiqa
Ukrainaning bugun, 13 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirgan dron hujumlari oqibatida Rossiyaning bir necha hududida kamida 4 kishi halok bo‘ldi, yana 5 kishi jarohatlandi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning bildirishicha, eng og‘ir hujum poytaxtdan qariyb 40 kilometr g‘arbda joylashgan Pionerskiy qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Oqibatda 3 kishi halok bo‘lgan, bir nechta xonadonda yong‘in yuzaga kelgan.
Gubernatorga ko‘ra, Moskva atrofidagi o‘ndan ortiq shahar va qishloq ham tungi hujum nishoniga aylangan. Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskva viloyati osmonida 81 ta dronni urib tushirgan.
Moskva meri Sergey Sobyanin 12 iyul oqshomidan buyon Moskva va uning atrofidagi hududlar uzra 350 ta Ukraina droni aniqlanganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, ularning aksariyati tutib qolingan, shahar hududida esa talafot yoki vayronagarchilik qayd etilmagan.
Tungi hujumlar sabab Moskvaning to‘rtta yirik aeroportida parvozlarga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Keyinchalik aeroportlar ish faoliyatini tiklagan. Belgorod viloyatida dron hujumi oqibatida bir ayol halok bo‘lgan.
Stavropol o‘lkasi gubernatori Vladimir Vladimirovning ma’lum qilishicha, dron zarbasi oqibatida “Rosneft” neft bazasi joylashgan qishloqdagi sanoat zonasida yong‘in chiqqan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 13 iyulga o‘tar kechasi Rossiya hududlari va anneksiya qilingan Qrim uzra jami 342 ta Ukraina droni tutib qolingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Rossiyaning kamida uchta hududidagi neft infratuzilmasiga hujum qilgan edi. Shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Azov dengizida Rossiyaga tegishli 12 ta tanker, bitta buksir va bitta quruq yuk kemasiga zarba bergandi.
Live
Barchasi