Ukraina Rossiyaning neft infratuzilmasini bombardimon qildi

Olam

image

Bugun, 9 iyul kuni Ukraina dronlari Rossiyaning kamida uchta hududidagi neft infratuzilmasiga hujum qildi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Tver viloyatidagi neft omborida dron hujumini qaytarish chog‘ida yoqilg‘i saqlash rezervuarlaridan biri yonib ketgan. Viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Vitaliy Korolyovning bildirishicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 07:00 ga qadar o‘chirilgan va hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan.

Stavropol o‘lkasi gubernatori Vladimir Vladimirov esa hujum oqibatida sanoat ob’ektida yong‘in yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oradan bir soat o‘tib olov yonuvchan rezervuarlarga tarqalgan va yaqin atrofdagi uylar aholisi evakuatsiya qilingan. Bu hududda ham jabrlanganlar qayd etilmagan.

Shuningdek, Rostov viloyati rasmiylari Azov dengizidagi dron hujumi oqibatida ikkita neft tankeri shikastlanganini ma’lum qilgan. Viloyat gubernatori Yuriy Slyusarning aytishicha, hodisa oqibatida jabrlanganlar bo‘lmagan, har ikki tanker ekipaji xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa 8 iyul oqshomidan 9 iyul tongigacha Rossiya hududi va anneksiya qilingan Qrim uzra 73 ta Ukraina droni urib tushirilganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, Rossiya tomoni anneksiya qilingan Qrimda Ukraina dronlari hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lganini, Rossiya nazoratidagi Xerson viloyatida esa havo hujumlari sabab hududning ayrim qismlarida elektr ta’minoti to‘liq yoki qisman uzilganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 9 iyulga o‘tar kechasi Ukraina Mudofaa kuchlari Azov dengizida Rossiyaga tegishli 12 ta tanker, bitta buksir va bitta quruq yuk kemasiga, shuningdek, Rostov viloyatidagi neft yuklash terminaliga zarba bergan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing