Ukraina NATOdan tinch aholi uchun yordam so‘radi
Olam
−
16 fevral 2022 10477 2 daqiqa
Ukraina NATOdan tinch aholiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan “turli xarakterdagi” favqulodda vaziyatlarda xalqaro yordam so‘rab murojaat qildi. Bu haqda alyans bayonotida aytiladi.
“Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati tinch aholiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan turli xarakterdagi keng ko‘lamli favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ko‘rsatilgan tartiblarga muvofiq, 2022 yil 15 fevral kuni Yevro-Atlantika falokatlarga javob berishni muvofiqlashtirish markazi (EADRCC) Ukrainadan xalqaro yordam so‘rovini qabul qildi”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Kiyev alyansdan turli chuqurlikdagi portlovchi qurilmalarni qidirish uchun vositalar, jami 260 dan ortiq birlik, aloqa vositalari, shaxsiy himoya vositalari, shu jumladan 70 ming kimyoviy himoya kostyumi, o‘t o‘chiruvchilar uchun o‘n minglab uskunalar, shuningdek, suv kiyimlari so‘ragan. Ukraina tomoni, shuningdek, 250-300 kishini sig‘dira oladigan avtonom hayotni taminlovchi 55 ta mobil dala lagerini so‘ramoqda. Ro‘yxatga o‘nlab buldozerlar, ekskavatorlar, avtokranlar, yuk mashinalari ham kiradi.
Shuningdek, ushbu ro‘yxatga o‘n minglab tibbiy buyumlar, jumladan, og‘riq qoldiruvchi vositalar, antibiotiklar, niqoblar, qo‘lqoplar, bintlar va biohimoya kostyumlari kiradi.
Qayd etish kerakki, Ukraina atrofidagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda. AQSH va G‘arb davlatlari Rossiyani bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytdi. 30 dan ortiq davlatlar fuqarolaridan Ukrainaga bormaslikni so‘ramoqda. AQSH Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilishni boshlagan.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya urush holatida emasligini va Ukraina bilan urush qilish niyatida emasligini aytmoqda. Vazir, shuningdek, AQSH va uning ittifoqchilarini Rossiyaga qarshi “tashviqot kampaniyasi” boshlaganlikda ayblab, bunday harakatlar Kiyevni mamlakat sharqidagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga undashidan ogohlantirdi.
Live
Barchasi