Ukraina Germaniyadan Patriot zenit-raketa tizimlarini oldi

Olam

image

Germaniya Ukrainaga Patriot zenit-raketa tizimlarini topshirdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

“Biz mamlakatimizning havo mudofaasi tizimidagi Patriot komponentini mustahkamladik. Germaniyaga va shaxsan kansler Fridrix Mersga Rossiya terroridan hayotni himoya qilish yo‘lidagi bu umumiy qadamingiz uchun minnatdorlik bildiraman”, deydi Ukraina rahbari.

Zelenskiyning aytishicha, havo hujumlari Putinning bu urushdagi asosiy quroli bo‘lib qolmoqda, chunki u o‘zining yerdagi maqsadlariga erisha olmasligini aynan havo orqali “qoplamoqchi”. Zelenskiyning bildirishicha, havo mudofaasi tizimini kuchaytirish urushning yakuniga yaqinlashtiradi va Rossiyaning havo hujumlarini davom ettirish imkoniyatlarini kamaytiradi.

“Rossiyaning muvaffaqiyatlari qancha kam bo‘lsa, u urushni tugatishga shuncha ko‘proq turtki topadi”, deydi u.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va uning hamkorlari nafaqat Ukraina hududini, balki ittifoqchilarni ham himoya qila oladigan kompleks havo mudofaasi tizimini yaratish ustida ishlamoqda. Ukraina Prezidenti xavfsizlik “bo‘linmas” ekanini ta’kidlagan va Ukraina havo mudofaasi “barchani himoya qilishga” tayyor bo‘lishi kerakligini qayd etgan. U shuningdek, havo mudofaasi tizimini yanada kuchaytirish bo‘yicha muzokaralar hukumat darajasida ham, qurol ishlab chiqaruvchilar bilan ham davom etayotganini, yaqin orada yangi natijalarga erishilishini bildirgan.

Qayd etilishicha, hozirgi uskunalar Bundesver omborlaridan Daniya, Litva va Norvegiya moliyaviy yordami bilan taqdim etilmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning yozida Germaniya kansleri Fridrix Mers va Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore Ukrainaga ikkita to‘liq MIM-104 Patriot tizimini topshirish haqida kelishuvga erishgan. AQSH Germaniya armiyasi ixtiyoridagi komplekslarni Kiyevga topshirish uchun ularni yangi tizimlar bilan almashtirishga rozilik bergan. Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius o‘shanda ta’minot Vashington bilan kelishilgan holda amalga oshirilishini, Germaniya birinchi bo‘lib yangi tizimlarni olishini bildirgan. 

Joriy yilning oktabr oyida esa Zelenskiy Ukraina 25 ta Patriot tizimini sotib olish bo‘yicha shartnoma tayyorlayotganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, yetkazib berishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va ishlab chiqaruvchi kompaniya imkoniyatlariga qarab bir necha yilga taqsimlanadi.

Patriot – bu AQSHning Raytheon kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘rta masofali zenit-raketa majmuasi bo‘lib, u samolyotlar, qanotli va ballistik raketalarni urib tushirish uchun xizmat qiladi. Kompleks tarkibiga boshqaruv punkti, radar, yo‘naltirish stansiyalari va uchirish qurilmalari kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Kiyevga Tomahawk raketalarini yuborishni rejalashtirmayotganini aytgandi. Oq uy rahbari, shuningdek, Ukrainadagi janglar hali davom etishiga ishora qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina Patriot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing