O‘g‘irlangan o‘quvchilarning 50 nafari qochib qutildi
Olam
−
24 noyabr 2025 16025 1 daqiqa
Nigeriyada o‘tgan hafta katolik maktabidan o‘g‘irlab ketilgan 300 dan ortiq o‘quvchidan 50 nafari qochib qutulib, ota-onalari yoniga qaytdi. Bu haqda CAN (Nigeriya Xristian assotsiatsiyasi) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilar 22 noyabr kuni qochishni uddalagan. Biroq 253 nafar bola hamda 12 nafar o‘qituvchi va xodim hali ham o‘g‘rilar qo‘lida garovda qolmoqda. Farzandlari topilmagan ota-onalar maktab atrofida yangilik kutmoqda.
Mamlakat prezidenti Bola Tinubuning ma’lum qilishicha, Nigeriya xavfsizlik kuchlari Kvara shtatidagi Masih Apostol cherkovidagi xizmat vaqtida o‘g‘irlab ketilgan 38 nafar kishini qutqargan. Hujum chog‘ida kamida ikki kishi halok bo‘lgan.
Prezident kecha, 23 noyabr kuni xavfsizlik rahbarlari bilan uchrashuvda yana 30 000 nafar politsiyachini xizmatga qabul qilishni buyurdi. Shuningdek, politsiyaning VIP himoya xizmatlaridagi xodimlar hujumga moyil chekka hududlarga yo‘naltirilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 21 noyabr kuni qurollangan shaxslar maktabga bostirib kirib, o‘quvchilar va o‘qituvchilarni o‘g‘irlab ketgandi. Bu hodisadan so‘ng hukumat shimoldagi 47 ta kollejni vaqtincha yopib qo‘ydi.
Komila Qobilova
Live
Barchasi