UEFA “Atletiko Madrid”ni jarimaga tortdi
Sport
−
29 noyabr 1020 2 daqiqa
UEFA joriy yilning oktyabr oyida Londonda “Arsenal”ga qarshi bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi uchrashuvida “Atletiko Madrid” muxlislarining “irqchilik va kamsituvchi xatti-harakatlari” sabab klubga 30 ming yevro jarima qo‘lladi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Emireyts” stadionida “Atletiko” muxlislari tomonidan kamsituvchi imo-ishoralar, haqoratli qichqiriqlar va irqchilik holatlari qayd etilgan. Bundan tashqari, ispan jamoasi muxlislari o‘yin davomida maydonga turli buyumlarni uloqtirgani ham tasdiqlangan. Shuningdek, tashkilot ispan klubiga muxlislarning safar o‘yinlariga chiqishini taqiqlovchi sanksiyani bir yillik sinov muddati bilan vaqtincha to‘xtatib turishini ma’lum qilgan.
Ushbu xatti-harakatlar UEFA intizom reglamentining 14-moddasi 2-bandini buzgan deb topilgan. Natijada UEFA Nazorat, axloq va intizom bo‘yicha organi (CEDB) klubga qo‘shimcha ravishda buyum uloqtirish holati uchun 10 ming yevro jarima ham belgilagan.
Shu bilan birga, UEFA Ozarbayjonning “Qorabog‘” yoshlar klubini ham 5 noyabr kuni “Chelsi”ga qarshi o‘yin vaqtida muxlislarning “irqchilik va kamsituvchi xatti-harakatlari” tufayli bitta uy uchrashuvini tomoshabinsiz o‘tkazish bilan jazolagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Atletiko Madrid” klubi ushbu uchrashuv oldidan “Arsenal”ning stadionidagi sharoitlardan norozi bo‘lib, UEFA’ga rasmiy shikoyat bilan murojaat qilgan edi.