“Atletiko Madrid” “Arsenal” ustidan UEFA ga rasmiy shikoyat yubordi
Sport
−
21 Oktabr 2025 2021 2 daqiqa
Ispaniyaning “Atletiko Madrid” klubi “Arsenal” stadionidagi sharoitlardan norozi bo‘lib, UEFA'ga rasmiy shikoyat bilan murojaat qildi. Bu haqda AS nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Atletiko Madrid” futbolchilari “Emireyts” stadionida mashg‘ulot o‘tkazgach, issiq suv yo‘qligi sababli dush qabul qila olmagan. Bu esa jamoa ichida katta norozilikka sabab bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Diyego Simeone shogirdlari UEFA Chempionlar ligasi doirasidagi “Arsenal”ga qarshi o‘yin arafasida mashg‘ulot o‘tkazgan va o‘sha paytda issiq suv ta’minoti bilan bog‘liq muammoga duch kelgan. “Arsenal” xodimlari bu nosozlikni tan olgan, biroq mashg‘ulot yakuniga qadar muammoni bartaraf etishga ulgurishmagan.
Yomg‘ir ostida o‘tgan mashg‘ulotdan so‘ng futbolchilar dush qabul qila olmaganidan keyin 45 daqiqa davomida avtobusda jamoa mehmonxonasiga qaytishgan. “Atletiko” tomoni bunday holat “Emireyts” kabi jahon darajasidagi stadionda sodir bo‘lishi mumkinligiga ishonmaganini bildirgan. Klub ushbu holat yuzasidan UEFA'ga rasmiy shikoyat yuborgan va masala 21 oktyabr kuni o‘tkaziladigan rasmiy yig‘ilishda muhokama qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Arsenal” va “Atletiko Madrid” jamoalari uchrashuvi 22 oktyabrga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.