To‘yga borgan yuzlab odamlar ommaviy zaharlandi
Olam
−
23 iyun 9989 2 daqiqa
Joriy yilning 19 iyun kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida bo‘lib o‘tgan to‘y marosimidan keyin ommaviy zaharlanish holati qayd etildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qandiog‘ash shahridagi restoranga tashrif buyurgan 102 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Muassasa faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, mutaxassislar zaharlanish sabablarini aniqlamoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ichak infeksiyasi tarqalishi Mo‘g‘aljar tumaniga qarashli Qandiog‘ash shahrida qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lum qilishicha, dastlabki bemorlar 19 iyun kuni tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.
“Mo‘g‘aljar tumani Qandiog‘ash shahridagi “Tumor” restoraniga tashrif buyurgan fuqarolar orasida ichak infeksiyasi holatlari qayd etilgani munosabati bilan epidemiologik tekshiruv o‘tkazilmoqda. 19 iyundan buyon Mo‘g‘aljar tuman shifoxonasi va viloyat klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ichak infeksiyasi belgilari bilan 102 bemor yotqizildi. Ularning 34 nafarida salmonellyoz kasalligi gumon qilinmoqda. Ushbu holatlar bo‘yicha Aqto‘be viloyati Sanitariya-epidemiologiya nazorati departamentiga shoshilinch xabarnoma yuborildi hamda bakteriologik tahlil uchun namunalar olindi”, deyiladi Aqto‘be viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida.
Qayd etilishicha, shifoxonaga yotqizilgan bemorlarning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda va ularga zarur tibbiy yordam to‘liq ko‘rsatilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, vaziyatni muvofiqlashtirish uchun tezkor shtab tuzilgan. Tumanga qo‘shimcha tibbiy brigadalar yuborilgan, shifoxonalarda bemorlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar va zarur dori-darmon zaxirasi tayyorlangan.
“Hozirda epidemiologik tekshiruv va ekspertiza ishlari olib borilmoqda. Tergov doirasida oziq-ovqat mahsulotlari va atrof-muhit ob’ektlaridan namunalar olinib, laboratoriya tahlillariga yuborildi. Epidemiyaga qarshi va profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida umumiy ovqatlanish muassasasi faoliyati holatga oydinlik kiritilguniga qadar vaqtincha to‘xtatildi”, deyiladi Aqto‘be viloyati Sanitariya-epidemiologik nazorat boshqarmasi ma’lumotida.
Hozirda mutaxassislar laboratoriya tekshiruvlari natijalarini kutmoqda. Ular infeksiya manbasini aniqlab berishi kerak. Qandiog‘ashdagi mazkur to‘y bilan bog‘liq holat so‘nggi yillarda mintaqada kuzatilgan eng yirik ommaviy zaharlanishlardan biriga aylanishi mumkin.
Live
Barchasi