Turkiyaning YeIga a’zo bo‘lishi Shvetsiyaning NATOga kirishi bilan bog‘liq emas – Oq uy
Olam
−
11 iyul 2023 3625 2 daqiqa
Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi masalalari o‘zaro bog‘liq emas. Bu haqda bugun, 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.
“NATO – bu NATO. Yevropa Ittifoqi – bu Yevropa Ittifoqi. AQSH Yevropa Ittifoqining bir qismi emas. AQSH avvalroq Turkiyaning Yevropa bilan muzokaralarini davom ettirish, bu muzokaralarning qayta tiklanishi tarafdori ekanini e’lon qildi. Bu bilan Prezidenti Jo Bayden Shvetsiyaning NATOga a’zoligi masalasi yuzaga kelganidan ancha oldin shug‘ullana boshladi. Shunday ekan, bizning bilishimizcha, bu mavzular bir-biriga bog‘liq emas”, degan Sallivan.
Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirayotganini ta’kidlagan.
"AQSH Turkiyani YeIga kirish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, shuningdek, biz YeI va Turkiya o‘rtasidagi muloqot har ikki tomon uchun ham konstruktiv tarzda olib borilayotganini ko‘rmoqdamiz. Albatta, muzokaralar demokratiyaning barqarorligi uchun zarur bo‘lgan islohotlarga to‘xtalishi kerak, har bir potensial Yevropa Ittifoqi a’zosi, shu jumladan Turkiya ham bundan o‘tadi", deydi Amerika Prezidentining yordamchisi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi Turkiyani YeIga to‘laqonli a’zo qilish uchun harakat qilsa, Anqara Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. Shundan so‘ng NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bugun, 11 iyulda esa Vilnyusda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Stoltenberg tashabbusi bilan o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng Turkiya Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi haqidagi protokollarni mamlakat parlamentida ko‘rib chiqish uchun yuborishi va ularni ratifikatsiya qilish uchun yaqindan hamkorlik qilishi, Shvetsiya esa YPG/PYD va FETO terror tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlamasligini tasdiqlashi e’lon qilindi.
Live
Barchasi