Turkiyadagi qulagan bino vayronalari ostidan 1 kishining jasadi topildi (video)
Olam
−
23 mart 2041 1 daqiqa
Avvalroq, 22 mart kuni Istanbulning markaziy Fotih tumanida ikkita turarjoy binosi qulab tushgani xabar qilingandi.
Mazkur hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilib, 1 kishi halok bo‘lib, jami 10 kishi jarohat olgani aniqlandi. Bu haqda “Milliyet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi gaz sizib chiqishi oqibatida portlagan binolarda qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlanganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, vayrona ostidagi 11 fuqaroga yetib borilgan.
“Vayrona ostida qolgan 11 fuqaromiz topildi, qutqaruv guruhlarining fidokorona va sinchkov ishlari natijasida qidiruv-qutqaruv bosqichi yakunlandi va vayronalarni tozalash ishlariga o‘tildi. Hodisa oqibatida 1 fuqaro vafot etdi, 1 nafari og‘ir ahvolda bo‘lib, jami 10 nafar fuqaro jarohatlandi. Ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish davom etmoqda”, degan vazir.
Vafot etgan shaxsga Allohdan rahmat, jarohatlanganlarga shifo tilagan Chiftchi jarayon tegishli idoralar muvofiqlashtiruvida davom etayotganini aytgan.
Aytilishicha, portlash kuchi sababli atrofdagi qo‘shni uylarning derazalariga temir bo‘laklari kelib urilgan. Ulardan biri bolalar xonasining oynasidan ichkariga kirgan, ikkinchisi esa oynaga kelib, qadalib qolgan.
Hodisa yuzasidan Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tergov boshlandi. 2 nafar prokuror tayinlangan va voqea har tomonlama tekshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailand poytaxti Bangkok shahrida yer o‘pirilishi oqibatida yo‘l cho‘kib, katta chuqur paydo bo‘lgandi.
Live
Barchasi