Turkiyadagi fojia sirlari: marhum oila mehmonxonada atay qulflab ketilgan
3-sahifa
−
20 noyabr 42684 10 daqiqa
Turkiyaning Istanbul shahri Fotih tumanida bir oilaning to‘rt a’zosi – ota-ona va ularning ikki farzandi o‘limi ortidan olib borilayotgan tergov jarayonida marhumlar “Harbour Suites Old City” mehmonxonasida qabulxona xodimi tomonidan qulflab qoldirilgani va ota Sarvat Bo‘jek qo‘lida bolasini tutgancha eshikni sindirishga uringani aniqlandi. Bu haqda tergov ma’lumotlariga tayanib, “Anadolu” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yetti gumondor prokuratura tergovidan so‘ng qo‘lga olingan. Ularga nisbatan yangi ma’lumotlar aniqlangan.
Prokurorning hibsga olishni so‘rab yo‘llagan xatida voqea sodir bo‘lgan mehmonxonaning 202-xonasida 11 noyabr kuni DSS nomli dezinfeksiya shirkati tomonidan hasharotlarga qarshi purkash ishlari olib borilgani aytilgan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tergovga yuborilgan ma’lumotnomada kompaniya ruxsatnomasiz faoliyat yuritgani va gumondor D.C.ning purkash uchun sertifikati mavjud bo‘lmagani aytilgan.
Xatda purkash D.C. tomonidan S.K. (kompaniya rahbarining o‘g‘li – tahr.) mas’uliyati ostida amalga oshirilgani, Z.K. kompaniyaning egasi ekani, purkash uchun javobgar bo‘lgan D.S. S.K. bilan ehtiyotkorlik va mas’uliyat majburiyatini buzgan holda harakat qilgani yozilgan.
Hujjatda H.O. mehmonxona egasi ekanligi, R.B. va M.M.U.D.C. zarurat tug‘ilganda mehmonxonada qabulxona xodimi sifatida yarim kunlik ish tartibida faoliyat olib borgani va H.O. ruxsatsiz hamda sertifikatlanmagan DSS zararkunandalarga qarshi kurash shirkatiga pestitsid kimyoviy moddasi purkashni buyurib, ehtiyotkorlik va e’tibor berish majburiyatini buzganligi aytilgan.
Qabulxona xodimi mehmonxonani qulflab, kechki ovqatga ketgan
Mehmonxonaning qabul bo‘limi xodimi lavozimida ishlagan M.M.U.D.C. 101-xonada pestitsid purkashdan kelib chiqadigan hiddan bezovta bo‘lganini va mehmonxonani tark etganini aytgan. Uning “shubhali” deb qabul qilingan bayonotida pestitsid purkashdan kelib chiqadigan biron bir hid haqida so‘z yuritilmagan. Bundan tashqari, M.M.U.D.C. prokuraturaga bergan ko‘rsatmasida mehmonxona eshigini qulflab, ovqatlanish uchun tashqariga chiqqanini va qaytib kelgach, mehmonxona oldida tez yordam mashinasini ko‘rganini bildirgan.
Ish materiallaridagi kamera tasvirlarida marhum ota Sarvat Bo‘jek eshik qulflangani uchun tashqariga chiqa olmaganini ko‘rish mumkin. U bolasini qo‘lida ko‘targancha eshikni buzishga uringan. Atrofdagi fuqarolar yordam bergan va shu payt M.M.U.D.C. yetib kelib, eshikni ochgan.
Hisobotda gumonlanuvchi M.M.U.D.C. o‘zining ehtiyotkorlik va mas’uliyat burchini buzganligi ta’kidlangan.
Qabulxona xodimi R.B. 12 noyabr kuni kechqurun M.M.U.D.C.ga qo‘ng‘iroq qilib, betobligini aytib, undan ishga kelishini so‘ragan. Keyinchalik, u aslida kasal emasligi va do‘sti bilan ko‘rishish uchun yolg‘on gapirganini tan olgan.
M.M.U.D.C.ning surishtiruvda bergan bayonoti, jumladan, pestitsid kimyoviy moddasi sepilgandan keyin tashqariga chiqqanida o‘zini noqulay his qilganini hisobga olgan holda, hujjatda R.B. hiddan o‘zini yomon his qilgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Shundan kelib chiqib R.B.ning bayonotlari hayotiylikka zid deb topildi va u qabulxona xodimi sifatida ish joyida zarur tekshiruvlarni o‘tkazmagan holda, o‘zining ehtiyotkorlik va mas’uliyat burchini buzgani aniqlandi.
Hujjatda, shuningdek, mehmonxonada yashovchi M.T., F.R. va A.H. 15 noyabr kuni zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgani va keyinchalik davolanishdan so‘ng chiqarib yuborilgani aytilgan.
Prokuraturaning yo‘llanma xatida gumondorlarning ko‘rsatmalarini, ular ayblanayotgan jinoyat uchun eng yuqori jazoni, jinoyat sodir etish usulini, jinoyatni sodir etishda ishlatilgan vositalarni, jinoyat predmetining ahamiyati va qiymatini, yetkazilgan zarar va xavfning og‘irligini, shuningdek, Sud-tibbiyot institutining marhum shaxslarning o‘lim sababini ko‘rsatuvchi hisoboti ishning ushbu bosqichiga hali yetib kelmaganligini hisobga olgan holda, gumondorlarni alohida hibsga olish so‘raldi.
Dezinfeksiya kompaniyasi xodimi sertifikatga ega emasligini tan oldi
Tergov doirasida hibsga olingan dezinfeksiya shirkati egasi Z.K., prokuraturada ko‘rsatma berdi. U kompaniyani taxminan 6-7 yil oldin tashkil etganini, shirkatning ofisi mavjud emasligi, uydan onlayn formatda ish olib borgani va buyurtmalarni qabul qilganini ma’lum qilgan.
Z.K. shirkat odatda xususiy biznes va turarjoylarga xizmat ko‘rsatishi, dezinfeksiya ishlarini olib borgan gumonlanuvchi D.C. kunduzgi ishchi bo‘lib ishlagani, o‘g‘li S.K. uning kompaniyasida ishlamagani, faqat Ijtimoiy ta’minot muassasasida ro‘yxatdan o‘tgani va o‘g‘li dezinseksiya ishlarini bajarmaganini da’vo qilgan.
“Menda zararkunandalarga qarshi kurash ishlari uchun hech qanday sertifikat yo‘q. Bilishimcha, D.C.da ham sertifikat yo‘q. Zararkunandalarga qarshi kurash ishlari D.C. va mening xodimim tomonidan amalga oshiriladi, uning ismini hozircha eslay olmayman”, degan shirkat boshlig‘i.
Z.K. dezinfeksiya ishlari davomida belgilangan dorilardan boshqa moddalardan foydalanmaganliklarini, ularni qayerdan sotib olganini eslay olmasligini va keyinroq oldi-sotdi hujjatlarini taqdim etishini bildirgan.
Z.K. 11 noyabr kuni unga qo‘ng‘iroq bo‘lganini da’vo qilgan.
“Qo‘ng‘iroq qilgan kishi mehmonxona boshqarishini, xonalardan birida hasharotlar borligi va ularni yo‘q qilish kerakligini aytdi. Keyin men D.C.ni shu odamga yo‘naltirdim. D.C. mehmonxonaga borib, yolg‘iz o‘zi purkalash ishlarini amalga oshirdi. Men D.C. qaysi mehmonxonaga borganini ham bilmayman. Mijozlar odatda menga qo‘ng‘iroq qilishadi. Men ularni D.C. ga yo‘naltiraman. 15 noyabr kuni D.C. menga aloqaga chiqib, politsiya unga qo‘ng‘iroq qilganini va dezinfeksiya ishlari olib borilgan joyda zaharlanish sodir bo‘lganini aytdi. D.C. va S.K. hibsga olinganini bilgach, politsiya bo‘limiga bordim. Men bu voqea uchun hech qanday javobgarlikni o‘z zimmamga olmayman”, deydi shirkat rahbari Z.K.
“Dezinfeksiya uchun hech qanday sertifikatim yo‘q”
Mehmonxonada zararkunandalarga qarshi kurash uchun mas’ul bo‘lgan va tergov doirasida hibsga olingan kompaniya xodimi D.C. u yerda ikki-uch oy ishlaganini va joriy yilning avgust oyida voqea sodir bo‘lgan mehmonxonaga ham dori purkaganini bildirdi.
Voqea sodir bo‘lgan 11 noyabr kuni peshin atrofida kompaniyaning telefonidan SMS xabar olgandan so‘ng, u dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun soat 16:00 atrofida mehmonxonaga borgan. Mehmonxona xodimi unga xonani ko‘rsatgan. D.C. dezinfeksiya jarayonida “Alfasc” va “Cypermetrin” pestitsidlaridan foydalangani, ularni suv bilan aralashtirib, purkaganini aytdi.
D.C., shuningdek, xona ichidagi taxminan 16-17 ta joyga "Filit Gel" insektitsidini muntazam ravishda surtganini aytgan. Ushbu insektitsid gelga o‘xshash konsistensiyaga ega va hasharotlarni uni iste’mol qilishga undash uchun xona ichiga muntazam ravishda joylashtiriladi.
U hojatxona eshigi va shamollatish tizimini purkashdan oldin qog‘oz lenta va xona eshigini yopishqoq lenta bilan yopib, mehmonxonadan chiqib ketgan.
“Dezinseksiya bo‘yicha hech qanday sertifikatim yo‘q. Ishga kirishganimda, menga bu ishni o‘rgatgan S. ismli xodim sertifikat shart emasligini aytdi. Unga esa kompaniya egasi Z.K. aytgan ekan. Men jabrlanuvchilarni bilmayman. Men voqea uchun hech qanday javobgarlikni o‘z zimmamga olmayman. Menga qo‘yilgan ayblovlarni rad etaman”, deydi dezinfeksiya ishlarini olib borgan D.S.
Dezinfeksiya kompaniyasi egasining hibsga olingan o‘g‘li S.K. kompaniyada hech qanday vakolatga ega emasligi, kompaniya orqali ijtimoiy ta’minot nafaqalarini olishi, boshqa joyda ishlagani, vaqti-vaqti bilan otasiga dezinfeksiya ishlarida yordam bergani va taxminan to‘rt yoki besh oy oldin otasi bilan kelishmovchilik sabab Fatsa shahriga ko‘chib o‘tganini aytgan.
S.K. mehmonxonaga dori purkalgan kuni Fatsada bo‘lgani, 14 noyabr kuni oilasini ko‘rish uchun Istanbulga kelgani va bir kundan keyin D.C. unga qo‘ng‘iroq qilganini qo‘shimcha qilgan.
“D.S. menga qo‘ng‘iroq qilib, mehmonxonadagi dezinfeksiya ortidan politsiya uni chaqirtirayotganini aytdi va mashinasi yo‘qligi uchun mendan olib borishni so‘radi. Men uni Fotihdagi mehmonxonaga olib bordim, u yerda politsiya tergov olib borayotgan edi. D.S. politsiyaga o‘zi bilan olib kelgan pestitsidlarning namunalarini berdi. Keyin politsiya meni ham bo‘limga olib ketdi. Men zararkunandalarga qarshi kurash operatsiyasiga aloqador emas edim. O‘sha kuni men Istanbulda bo‘lmaganman”, deydi shirkat rahbarining o‘g‘li S.K.
“Men dezinfeksiya uchun sertifikat so‘ramadim”
Prokuraturaga bergan ko‘rsatmasida “mamlakatdan chiqishni taqiqlash” va “turarjoydan chiqmaslik” kabi sud nazorati choralari qo‘llanilgan mehmonxona egasi H.O. mehmonxona boshqaruvini besh-olti oy oldin qo‘lga olganini da’vo qilgan. U qandli diabetdan aziyat chekkani uchun oyoqlaridagi muammo tufayli taxminan uch oy davomida mehmonxonaga bora olmagan. Bu vaqt ichida mehmonxona menejeri H.D. boshqaruvga mas’ul bo‘lgan.
Gumonlanuvchi H.O.ning so‘zlariga ko‘ra, H.D. unga 10 noyabr kuni 101-xonada hasharot borligi haqida shikoyat qilib, dezinfeksiya shirkatiga qo‘ng‘iroq qilishini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, H.D. ilgari zararkunandalarga qarshi kurash xizmatlarini ko‘rsatgan DSS nomli kompaniyaga murojaat qilgan va xonada 11 noyabr kuni purkalash ishlari amalga oshirilgan.
“Dezinfeksiya kompaniyasi o‘z ishini tugatgandan so‘ng, xona taxminan 2-3 kun yopiq qoladi. Keyin u tozalanadi va foydalanish uchun qayta ochiladi. Men ham, mening xodimlarim ham zararkunandalarga qarshi kurash jarayoni uchun javobgar emasmiz. Avgust oyida ham dezinfeksiya ishlarini xuddi shu kompaniya amalga oshirdi. Bizda hech qanday muammo bo‘lmadi. Men bu kompaniyadan dizinfeksiya uchun hech qanday sertifikat so‘ramadim. Marhum shaxslar mehmonxonaning 202-xonasida qolishgan. Men zaharlanish haqida voqeadan bir kun o‘tib, mehmonxonada ishlaydigan jiyanim E.O. menga qo‘ng‘iroq qilganidan keyin xabar topdim. Odatda, mehmonxonada faqat H.D. va E.O. ishlaydi. H.D. ta’tilda bo‘lgani uchun men R.B. va M.M.U.D.C.ni vaqtincha ularning kundalik ishlarini bajarish uchun yolladim. Ularning vazifalariga qabulxonada ishlash kiradi”, deydi mehmonxona egasi H.O.
Uning bildirishicha, agar marhum shaxslar mehmonxonaga purkalgan dorilardan zaharlanish oqibatida vafot etgani tasdiqlansa ham butun javobgarlik dezinfeksiya ishlarini amalga oshirgan shirkat zimmasida qoladi.
Turkiyada germaniyalik oila fojiasi
Germaniyaning Gamburg shahridan sayohat uchun Turkiyaning Istanbuliga kelgan 4 kishi (oila a’zolari) – ota Sarvat Bo‘jek (32 yosh), ona Chig‘dam Bo‘jek (27 yosh), 6 yoshli Muhammad Bo‘jek va 3 yashar Masal Bo‘jek midiya, sho‘rva, kolbasa va tovuq go‘shti yeganidan keyin zaharlanib vafot etdi.
Gap shundaki, oila joriy yilning 9 noyabr kuni Sarvat Bo‘jek turmush o‘rtog‘i Chig‘dam Bo‘jek hamda farzandlari Muhammad va Masal bilan Istanbulga keladi va sayyohlar eng gavjum Fotih tumanidagi “Harbour Suites Old City” mehmonxonasiga joylashadi.
11 noyabr kuni oila a’zolari ko‘cha taomlari bilan mashhur Ortako‘y mavzesiga borib, midiya, kolbasa, sho‘rva va tovuq go‘shti, kumpir (kartoshka) yeb, keyin mehmonxonaga qaytib, ovqatdan zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizildi. Ular biroz o‘ziga kelgach, shifoxonadan chiqarib yuborilgan, biroq mehmonxonaga qaytgach, yana toblari qochgan. Shundan so‘ng, oila a’zolari yana shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rilgan choralar va muolajalar samara bermay, 12 noyabr kuni bolalar olamdan ko‘z yumgan. Oradan ikki kun o‘tib, 14 noyabr kuni ularning onasi ham vafot etgan. Keyinchalik oila boshi Sarvat Bo‘jek ham vafot etdi.
Holat ortidan Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida to‘rt kishi, jumladan, midiya do‘koni, turk lokumlari do‘koni va oila ovqatlangan restoranning egasi hibsga olindi, restoran muhrlandi. Istanbul shahar politsiyasi esa yaqin atrofdagi pishirilgan kartoshka (kumpir) do‘konlarida tekshiruvlar o‘tkazdi. Mehmonxona xonasi, restoran va ko‘cha taomlari sotuvchilaridan tahlillar olingan va xavfsizlik kamerasi tasvirlari ko‘zdan kechirilgan.
Hibsga olinganlar orasida mehmonxonaning ikki xodimi va zararkunandalarga qarshi dezinfeksiya xodimi ham bor. Tergov doirasida qo‘lga olinganlar jami 11 kishini tashkil etmoqda.
Live
Barchasi