Turkiyada o‘zbekistonlik ayol eri tomonidan vahshiylarcha o‘ldirildi
Olam
−
19 avgust 28554 2 daqiqa
Turkiyaning Umraniye tumanida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 35 yoshli N.S. rashk sababli eri tomonidan ko‘chada pichoqlab o‘ldirildi. Bu haqda “Son dakika” xabar berdi.
Voqea 17 avgust kuni kechki soat 21:00 atrofida Ihlamurkuyu mahallasi Aytashi ko‘chasida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, er xotinini rashk qilib, u bilan janjallashgan. Janjal vaqtida 35 yoshli er ayolning tomog‘idan pichoq bilan vahshiylarcha kesib tashlagan. Ayol olgan tan-jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
O‘z ayolini o‘ldirgach, erkak voqea joyidan qochib ketgan. Istanbul politsiyasi tomonidan olib borilgan izlash ishlari davomida u 18 avgust kuni ertalab Umraniyeda qo‘lga olingan.
Qotillikdan keyin qo‘lga olingan erkak so‘roqda jinoyatni sodir etganini tan olgan. U ilgari ham rashk sababli xotini bilan tortishuvlar bo‘lib turganini aytgan. Shu kuni ham gaplashish uchun uni kutib turgani va janjal vaqtida o‘zini yo‘qotib qo‘yganini politsiya xodimlariga so‘zlab bergan.
“Nima qilayotganimni anglab yetganimda, allaqachon u yerdan qochib ketgan edim”, degan marhumaning turmush o‘rtog‘i.
Tergov davomida voqea atrofdagi kameralarga tushib qolgani ham aniqlangan.
Voqeadan so‘ng erkak bir tanishi bilan suhbatlashib, undan yordam so‘ragan. U bilan telefon orqali gaplashgan shaxs ham politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Uning voqea haqida ma’lum darajada xabardor bo‘lgani va ba’zi yo‘nalishlarda maslahat bergani taxmin qilinmoqda.
Surishtiruv ishlari nihoyasiga yetganidan so‘ng, gumonlanuvchilar sudga yuborilgan. Hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyul kuni Turkiyaning Aydin viloyatida joylashgan restoranda ofitsiant sifatida faoliyat yuritib kelgan, 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi otishma oqibatida bosh qismidan og‘ir jarohat olib, voqea joyida vafot etgandi.
Live
Barchasi