Turkiyada ikkita zilzila yuz berdi
Olam
−
04 dekabr 2023 8286 1 daqiqa
Turkiya g‘arbida ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi seysmologlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Marmara dengizining Gemlik ko‘rfazida mahalliy vaqt bilan soat 10:42 da 5,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Zilzila epitsentri 1,4 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Bursa shahridan 32 km shimoli-g‘arbda joylashgan. Zilzila epimarkazi 9 km chuqurlikda joylashgan.
Zilzila Istanbul, Kojaeli, Chanoqqal’a, Bilejik va Sakaryada ham sezilgan.
Oradan 3 daqiqa o‘tgach, xuddi shu joyda yana 4,5 magnitudali zilzila qayd etilgan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘ida zilziladan so‘ng mutaxassislar zararni tekshirishga kirishganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Turkiya janubi-sharqida 7,7 va 7,6 magnitudali kuchli zilzilalar sodir bo‘lgan edi. Zilzila qurbonlar soni 50 mingdan oshgandi. Shuningdek, mamlakatning Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi 763 000 ta binoga zarar yetgani, kamida 41 791 bino jiddiy shikastlangan yoki vayron bo‘lganini ma’lum qilgan. Keyinchalik Turkiyaning Istanbul shahri va Marmar dengizi mintaqasida 7 va undan yuqori balli kuchli zilzila sodir bo‘lishi bashorat qilingandi. Shundan so‘ng mamlakat hukumati Istanbulni halokatli zilzilaga tayyorlashni boshladi. Xususan, shaharda kutilayotgan kuchli zilziladan eng og‘ir zarar ko‘radigan tumanlar ro‘yxati e’lon qilindi.
Live
Barchasi