Turkiyada erkak sud zalida 2 sudlanuvchini otib tashladi
Olam
−
13 dekabr 2024 19136 1 daqiqa
Turkiyaning Bursa shahri sud zalida sodir bo‘lgan qurolli otishmada 2 kishi halok bo‘ldi, shuningdek, 2 nafar jandarm xodimi ham og‘ir tan jarohati oldi. Bu haqda Turkiyaning NTV telekanali xabar berdi. Bildirilishicha, sud majlisida jabrlanuvchining otasi tomonidan ikki nafar sudlanuvchi shaxs otib o‘ldirilgan. Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch voqea yuzasidan 10 kishining qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudda 2023 yil 23 sentyabr kuni Odunluk tumanidagi savdo markazining ko‘ngilochar maydonida sodir bo‘lgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan bo‘lgan. Qurolli janjalda 21 yoshli Tolga ismli fuqaro olgan jarohati oqibatida nogiron bo‘lib qolgan.
Tolganing otasi Kamol sud majlisida qarindoshlariga “sizlarga omonat” deya nogironlar aravachasidagi o‘g‘liga ishora qilgan va sudlanuvchilar Mertjan Akcha va uning otasi Koksal Akchani qurol bilan otib tashlagan. Qurol sud zaliga nogironlar aravasiga yashirib olib kirilgani taxmin qilinmoqda.
Voqeada yaralangan 2 nafar jandarm xodimi shifoxonaga yotqizilgan. Sog‘liqni saqlash vaziri Kamol Memisho‘g‘li ularning sog‘lig‘i og‘irligicha qolayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Turkiyaning Anqara, Istanbul, Mardin, Samsun va Sakarya viloyatlarida ISHIDga aloqadorlikda gumon qilingan 47 nafar shaxs qo‘lga olingandi.
Diyorjon Quvondiqov
Live
Barchasi