Turkiya maktablarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi

Olam

image

Shonliurfa va Qahramonmarash shaharlaridagi maktablarga qonli hujumdan so‘ng, Turkiya bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirish ishlari olib borilmoqda. Ba’zi maktablarda forma majburiy etib belgilandi, ota-onalarning maktab hududiga kirishi cheklab qo‘yildi. Bu haqda GZT xabar qildi.

Qayd etilishicha, ayrim maktablar o‘quvchilar va ota-onalarning xatti-harakatlariga oid yangi qoidalarni joriy qila boshlagan. Xususan, o‘quvchilarning maktabdan chiqishi qat’iy nazorat ostiga olingan, tushlik tanaffusi tartiblari hamda sumkalarni tekshirish tizimi qayta ko‘rib chiqilgan. Ayrim maktablar boshlang‘ich sinfdan tortib litsey bosqichidagi o‘quvchilargacha yagona formani majburiy qilib belgilagan.

Shuningdek, maktab ma’muriyatlari ruxsatsiz kirishlarning oldini olish maqsadida tashrif buyuruvchilar ustidan nazoratni kuchaytirdi. Unga ko‘ra, ota-onalar maktabga istalgan vaqtda kira olmaydigan bo‘ldi. Ular oldindan ma’lum bir vaqtni belgilab borishi shart qilindi. Ota-onalarning maktab hududi ichida erkin harakatlanishi cheklanib, faqat belgilangan joylarda bo‘lishlariga ruxsat etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, ayniqsa, litsey darajasidagi maktablarda o‘quvchilar ota-onasining xabarisiz maktabni tark etishiga ruxsat berilmaydi. Sog‘liq bilan bog‘liq holatlar yoki o‘quvchi bilan bog‘liq maxsus ruxsat kerak bo‘ladigan holat yuz bersa, uning ota-onasi shaxsan maktabga kelishi shart bo‘ladi.

Ba’zi maktablardagi to‘liq kunlik ta’lim davomida tushlik vaqtida tashqariga chiqish bekor qilindi. O‘quvchilarga ovqatni uydan olib kelish yoki maktab oshxonasidan foydalanish tavsiya etildi. Shuningdek, sumkalar, kiyim-kechaklar va elektron qurilmalarni tekshirish yanada kengaytirilishi ma’lum qilingan. Qoidalarga rioya qilmagan o‘quvchilarga esa intizomiy choralar qo‘llaniladi.

Maktablar kirish-chiqish vaqtlarini kuzatish uchun ota-onalarni xabardor qilish tizimlaridan yanada faol foydalanishni boshladi. O‘quvchi kechiksa yoki maktabdan erta chiqib ketsa, ota-onalarga darhol xabar yuboriladi. Ayrim ta’lim muassasalari esa metall detektor qurilmalarini o‘rnatishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Turkiyadagi ta’lim muassasalarda tez-tez qurolli hodisalar yuz bermoqda. Xususan, joriy yilning 2 mart kuni butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Istanbul shahridagi Bo‘rsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirilgandi.

Shuningdek, joriy yilning 14 aprel kuni Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan litseyda qurolli hujum sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi jarohatlanib, hujum sodir etgan o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi.

Shuningdek, kecha, 15 aprel kuni Qahramonmarash viloyatidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Hozircha bu voqealarning bir-biriga aloqasi borligi haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Qolaversa, Turkiyada Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmasi bilan mamlakatdagi maktablarda politsiya tomonidan nazorat olib borilishi belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya maktablar xavfsizlik choralari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing