Turkiy davlatlar fuqarolari o‘zaro xorijiy pasportsiz sayohat qilishi mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
15:51 1067 2 daqiqa
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari aeroportlardagi pasport nazorati bilan bog‘liq yangi tizimni amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu tartib kuchga kirsa, Yevropa Ittifoqi (YeI) mamlakatlaridagi kabi turkiy davlatlar fuqarolari uchun alohida nazorat punkti tashkil etiladi. Bu haqda “Turizm Güncel” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu orqali TDT mamlakatlari o‘rtasida sayohat qiluvchilarning aeroportlardagi nazorat punktlaridan yanada tezroq o‘tishi ta’minlanadi. Ishlab chiqilayotgan modelga ko‘ra, TDT mamlakatlari fuqarolari ushbu amaliyot joriy etilgan aeroportlarda aynan ular uchun ajratilgan pasport nazorati punktlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Rejalashtirilayotgan amaliyot Yevropa Ittifoqi mamlakatlari aeroportlarida qo‘llaniladigan modelning muqobili bo‘ladi.
Yangi tizim bo‘yicha dastlabki ishlar joriy yilning 12 sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining Ichki ishlar vazirlari 3-yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilingan.
Turkiya Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi safarlarni yengillashtirishga qaratilgan ishlar olib borilayotgani va aeroportlarda alohida pasport nazorati punktlarini tashkil etish kun tartibida turganini ma’lum qilgan.
Ushbu tartibning birinchi bo‘lib qaysi mamlakatda qo‘llanilishiga hali to‘liq aniqlik kiritilgani yo‘q. Tizimning barcha a’zo mamlakatlarda bir vaqtning o‘zida yoki bosqichma-bosqich joriy etilishi ham hozircha noma’lum. Amaliyot kuchga kiradigan sana ham hali aniq emas. Ishlar yakunlangach, tizimning qamrovi va aeroportlardagi amaliyotga oid tafsilotlar e’lon qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida 2021 yildan beri qo‘llanib kelinayotgan ID-karta (shaxsni tasdiqlovchi hujjat) bilan sayohat qilish modeli boshqa a’zo mamlakatlarga ham ommalashtiriladi. Mamlakatlarning yangi avlod ID-kartalarini safar hujjati sifatida tan olishi va chegara tizimlarini shunga moslashtirishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Ichki ishlar vazirlarining 3-yig‘ilishida turkiy davlatlar o‘rtasida xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinganini ma’lum qilib, u yig‘ilishda Interpol va Yevropolga o‘xshash Turkpol nomli tashkilot tuzishni taklif qilganini bildirgandi.
Live
Barchasi